Energetika tizimi cheklovlarga emas, shaffoflikka muhtoj — Otabek Bakirov
Oʻzbekiston qish mavsumining keskin sovuq kunlariga yuz tutar ekan, energetika tizimi aholining oʻsib borayotgan talablariga javob berishga majbur boʻlmoqda. Energetika vazirligining bayonotida tabiiy gaz va elektr energiyasiga talab sezilarli darajada oshgani, ayniqsa, gaz bosimining pasayishi natijasida gaz quyish shoxobchalarining faoliyati cheklanayotgani aytilgan. Ammo bu choralar samaradorligi jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Energetika tizimi cheklovlarga emas, shaffoflikka muhtoj — Otabek Bakirov
Energetika vazirligining maʼlumotlariga koʻra, qishning sovuq kunlari davomida tabiiy gaz isteʼmoli bir haftada 20 foizga, elektr quvvati isteʼmoli esa 15 foizga oshgan. Vazirlik tomonidan elektr va gaz uzatish tarmoqlaridagi ishlarga 1600 ta maxsus brigadalar jalb etilib, avariyalarni bartaraf etish muddati oʻrtacha 1-1,5 soatgacha qisqartirilgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, vazirlik aholini energiya bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalari (AGTSh) faoliyatiga cheklovlar joriy etishini, aholini xabardor qilish maqsadida Avto24 mobil ilovasi va ishonch telefonlarini ishga tushirganini, elektr va gaz taʼminotidagi nosozliklarni tezkorlik bilan hal etish uchun texnika va uskunalar bilan taʼminlangan brigadalar tashkil etganini ham ochiqladi.
Ammo vazirlikning mazkur bayonoti jamoatchilik faollari tomonidan keskin eʼtirozga yuz tutmoqda. Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov bu jarayondagi kamchiliklarni qattiq tanqid qilgan. Bakirovning yozishicha, gaz quyish shoxobchalarini yopish jarayoni koʻpincha oldindan ogohlantirishsiz amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Toshkent shahri, Fargʻona vodiysi viloyatlari hududlarida shoxobchalar ertalabdan boshlab yopilgan, ammo bu haqda hech qanday rasmiy axborot taqdim etilmagan.
"Qaysi hududda qaysi zapravka yopilishini kim belgilaydi? Shonli energetiklar xuddi avvalgi yillardagi kabi va undan ham ortiq sinizm bilan zapravkalar yopilishini oʻzlaridan soqit qilib, hokimliklarga yuklab qoʻya qolgan. Bugungi bayonotda xususan, viloyatlar va tumanlar hokimliklari rasmiy axborot manbalarida tegishli tartibda maʼlumot berib borilishi aytilgan.
Bugun ertalabdan Toshkent, Namangan, Fargʻona va Andijon viloyatlarida ogohlantirishsiz yopilgan oʻnlab gaz zapravkalari boʻyicha qayerda maʼlumot berildi? Yopiladigan zapravkalar roʻyxatini, ishlaydigan zapravkalar roʻyxatini ochiq eʼlon qilib qoʻyish nahotki shunchalar qiyin?", deya yozgan Bakirov Telegram'dagi sahifasiga.