Soʻnggi vaqtlarda Markaziy Osiyo davlatlarining “Tolibon” hukumati bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalari rivojlanib bormoqda. Bunga Qozogʻiston hamda Tojikiston davlati tomonidan "Tolibon"ning terrorchi tashkilot roʻyxatidan chiqarilgani hamda mazkur hukumatning diplomatlaridan ishonch yorliqlarini olganliklari yaqqol misol. Ayni paytda bu qarorni Markaziy Osiyo davlatlarining yaqin hamkori boʻlgan Rossiya ham qoʻllab-quvvatlamoqda. Xoʻsh, mintaqa davlatlari bunday harakatlar bilan 2 yil oldin dunyo hamjamiyatiga bergan vaʼdalarini bajarmayotgan "Tolibon" hukumatini tan olishga qaratilgan harakatini boshladimi? Rossiyaning "Tolibon" bilan yaqin munosabatda boʻlishi Markaziy Osiyo davlatlariga qay darajada taʼsir koʻrsatadi? Shu kabi savollarga PARADIGMA.UZ siyosatshunos Hamza Boltayevdan javob oldi.