Aeroportdagi telefonlar mojarosi: Soxta IMEI raqamlari
IMEI kodlarini soxtalaştiriş, noqonuniy import sxemalari va iPhone importi 6,2 barobar oşgan.
Oʻzbekiston
12.11.2026, 10:51
Ulashish:

AI расм
Aeroportda nima sodir bölmoqda?
Sönggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toşkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan kelayotgan yölovçilarning mobil telefonlari ekspertizadan ötkaziş uçun 30 kungaça muddatga vaqtinça olib qöyilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Şuningdek, qurilmalarni ekspertizasiz bir kun içida rasmiylaştiriş uçun qöşimça tölov joriy etilgani haqida ham ma’lumotlar paydo böldi.
Bojxona qömitasi mazkur xabarlarga munosabat bildirib, 30 kungaça majburiy saqlov yoki bir kunlik rasmiylaştiriş uçun qöşimça tölov undiriş tartibi joriy etilmaganini ma’lum qildi.
Biroq rasmiy bayonotdagi yana bir ma’lumot e’tiborga molik: «Toşkent» xalqaro aeroporti orqali xorijdan olib kirilayotgan ayrim mobil qurilmalarning bojxona rasmiylaştiruvi IMEI identifikatorlarini aniqlaş va ularning qonuniy olib kirilganini tasdiqlaş bilan boğliq masalalarga oydinlik kiritilgunga qadar vaqtinça töxtatilgan.
Bu holatning mohiyati şundaki, bojxona organlari endi faqat telefonning özi yoki uning hujjatlarini tekşiriş bilan çeklanmayapti. Qurilmaning identifikatori, uning boşqa ma’lumotlar bilan muvofiqligi va avvalgi röyxatdan ötiş holatlari ham tekşiruv predmetiga aylanmoqda.
Xöş, bunga nima sabab böldi? Nega oddiy telefonning IMEI raqami bojxona nazoratida şunçalik muhim ahamiyat kasb etmoqda?
10 mingdan 452 mingtaga: iPhone importidagi keskin özgariş
Bojxona qömitasi keltirgan statistika mobil qurilmalar importidagi özgarişlarni yaqqol körsatadi.
2026 yilning dastlabki 10 oyida Özbekistonga rasman olib kirilgan mobil qurilmalar soni 4,1 million donani taşkil etgan. Bu ötgan yilning şu davriga nisbatan 1 million donaga köp. Davlat byudjetiga undirilgan bojxona tölovlari esa 2,1 barobarga oşib, 2 trillion sömga yetgan.
Biroq umumiy import körsatkiçlaridan ham köra, alohida bir brend böyiça raqamlar diqqatga sazovor.
Qömita ma’lumotiga köra, 2023–2024 yillarda Özbekistonga rasman örtaça 10 ming dona iPhone olib kirilgan. 2026 yilning 10 oyida esa bu körsatkiç 452 ming donadan oşgan.
Boşqaça aytganda, rasmiy import hajmi avvalgi davrdagi örtaça körsatkiçdan keskin farq qilmoqda. Bu özgariş natijasida davlat byudjetiga iPhone qurilmalari böyiça undirilgan bojxona tölovlari 756,6 milliard sömni taşkil etgan. Bu ötgan yilning mos davriga nisbatan 6,2 barobar köp.
Bu raqamlardan qanday xulosa çiqariş mumkin?
Avvalo, rasmiy importning ösişi bojxona tuşumlari köpayişiga xizmat qilgan. Ikkinçidan, avvalgi yillarda rasmiy import hajmi bilan içki bozordagi iPhone taklifi örtasida jiddiy nomutanosiblik bölgan bölişi mumkin.
Albatta, bu farqning barçasini noqonuniy import bilan izohlaş töğri emas. Telefonlar şaxsiy ehtiyoj uçun olib kirilişi, avvalgi yillardan qolgan qurilmalar bozorda sotilişi yoki boşqa qonuniy kanallar orqali aylanmaga kiritilişi mumkin. Biroq Bojxona qömitasi aniqlagan qonunbuziliş sxemalari uşbu bozorda yaşirin import muammosi mavjud bölganini körsatadi.
Şu ma’noda, 452 ming dona körsatkiçi faqat import statistikasi emas. U mobil qurilmalar bozorini rasmiylaştiriş va yaşirin iqtisodiyotni qisqartiriş jarayonidagi özgarişlarni ham aks ettiradi.
_EkUX439.jpg)
IMEI nima?
Mobil qurilmalarni noqonuniy olib kirişga qarşi kuraşda IMEI identifikatori markaziy öringa çiqmoqda.
IMEI — har bir mobil qurilmaga biriktiriladigan xalqaro identifikatsiya raqami. U orqali qurilmani mobil aloqa tarmoğida identifikatsiya qiliş mumkin. Ikkita SIM-kartani qöllab-quvvatlaydigan ayrim smartfonlarda IMEI-1 va IMEI-2 kabi ikkita identifikator mavjud böladi.
Aynan şu imkoniyatlardan ayrim şaxslar noqonuniy importni yaşiriş maqsadida foydalanişga uringan.
Bojxona qömitasi ma’lumotiga köra, Bojxona qömitasi va UZIMEI markazi örtasida axborot tizimlarining integratsiyalaşuvi mobil qurilmalarni noqonuniy olib kirişga imkon bergan ayrim böşliqlarni bartaraf etişga xizmat qilgan.
Biroq nazorat kuçaytirilişi bilan qonunbuzarlik usullari ham murakkablaşgan. Xususan, IMEI kodlarini soxtalaştiriş, boşqa qurilmalarga tegişli identifikatorlardan foydalaniş va bitta qurilma ma’lumotlarini boşqa qurilmalarni qonuniylaştiriş uçun işlatiş holatlari aniqlangan.
Qömita bunday sxemalarning ikkita asosiy körinişini ma’lum qildi.
Birinçi sxema: arzon qurilma orqali qimmat smartfonni «qonuniylaştiriş»
Uşbu usulda arzon qurilma yoki tovar hujjatlarda körsatiladi, ammo unga kiritilgan IMEI raqami aslida bojxonadan rasmiy ötkazilmagan qimmat smartfonga tegişli böladi.
Masalan, telefon nusxasi, telefon platasi, quti yoki boşqa arzon tovar hujjatlarda rasmiylaştiriladi. Biroq deklaratsiyaga kiritilgan identifikator boşqa, qimmatroq qurilmaning IMEI raqami bölib çiqadi.
Şuningdek, IMEI röyxatidan ötkaziş tölovi talab etilmaydigan telefon platasi, Wi-Fi router, GPS-treker, modem va boşqa qurilmalarni import qilişda ularga mobil telefonlarga tegişli IMEI kodlarni deklaratsiyalaş holatlari ham aniqlangan.
Bunday holatlarga barham beriş maqsadida bojxona rasmiylaştiruvi jarayonida şubhali ma’lumotlarni avtomatik aniqlaydigan mantiqiy nazorat mexanizmi joriy etilgan.
Natijada, Bojxona qömitasi aniqlagan bir holatda tadbirkorlik sub’ekti çetdan olib kelgan «Techno» rusumidagi 10,6 mingdan ziyod qurilma hujjatlariga aslida iPhone va Samsung smartfonlarining IMEI kodlari kiritilgani ma’lum bölgan.
Bu yerda e’tiborli jihat — gap bir neçta telefon haqida emas, balki 10,6 mingdan ziyod qurilmani qamrab olgan holat haqida ketmoqda.
Mazkur holat IMEI ma’lumotlarini tekşiriş va tovarning haqiqiy xususiyatlarini deklaratsiyadagi ma’lumotlar bilan soliştiriş qançalik muhimligini körsatadi.
Ikkinçi sxema: telefonning IMEI kodini özgartiriş
Ikkinçi usulda esa röyxatdan ötmagan qimmat smartfonning dasturiy ta’minoti qayta işlanadi. Qayta dasturlaş orqali unga avval röyxatdan ötmagan boşqa IMEI kodi yoziladi.
Natijada bir qurilmaning identifikatori boşqa qurilmaga tegişli bölib çiqadi. Bu esa telefonning asl kelib çiqişi va uning qonuniy rasmiylaştirilganini aniqlaşni qiyinlaştiradi.
Bojxona qömitasi ma’lumotiga köra, sönggi vaqtlarda «Toşkent xalqaro aeroporti» çegara bojxona posti xodimlari ham aynan şunday holatlarga duç kelgan.
Ayrim yölovçilar deklaratsiyaga olib ötayotgan telefonlarining emas, balki muqaddam noqonuniy yöllar bilan olib kirilgan boşqa mobil qurilmalarning IMEI kodlarini kiritayotgani aniqlangan.
Bunda telefonlarning dasturiy ta’minoti qayta yuklanib, ularga boşqa qurilmalarga tegişli identifikatorlar örnatilgan. Natijada telefon sozlamalaridagi IMEI ma’lumoti bilan USSD sörovi orqali aniqlanadigan kod örtasida tafovut yuzaga kelgan.
Bunday holatlarni oddiy vizual tekşiruv orqali aniqlaş qiyin. Çunki qurilmaning taşqi körinişi yoki uning sozlamalarida körsatilgan ma’lumotlar har doim ham haqiqiy identifikatorni aks ettirmasligi mumkin.
Nega UZIMEI mutaxassislari aeroportda tekşiruv ötkazmoqda?
IMEI identifikatorlarini tekşiriş faqat raqamlarni özaro soliştirişdan iborat emas.
Xususan, IMEI-1 va IMEI-2 kodlari bitta qurilmaga tegişli ekanini, ularning özaro muvofiqligini hamda mazkur kodlar böyiça avval tarmoq hodisasi sodir bölgan-bölmaganini aniqlaş maxsus bilim va ixtisoslikni talab qiladi.
Şu sababli bojxona organlari şubhali holatlarni mustaqil ravişda baholaş bilan çeklanmasdan, UZIMEI markazi mutaxassislarini ham jalb qilişga qaror qilgan. Bu haqda kuni keça ötkazilgan matbuot anjumanida ham töxtalib ötildi.
Endilikda Toşkent xalqaro aeroportida mobil qurilmalarning IMEI identifikatorlari özgartirilgan bölişi mumkinligi haqida şubha paydo bölsa, bojxona xodimlari aeroportda doimiy faoliyat yurituvçi UZIMEI markazi vakillariga murojaat qilişi mumkin böladi.
Bu mexanizm, bir tomondan, soxtalaştirilgan identifikatorlarni aniqlaş imkoniyatini oşirsa, ikkinçi tomondan, tekşiruv natijalariga mutaxassis xulosasi asosida yondaşişga şaroit yaratadi.
Biroq bu yerda muhim savol ham bor: şubha paydo bölgan har bir qurilma böyiça tekşiruv qanday muddatda yakunlanadi va yölovçining telefonini vaqtinça saqlaş zarurati qaysi huquqiy asoslarga köra belgilanadi?
Jamoatçilik uçun aynan şu savollarga aniq javob berilişi muhim.
Qonunbuzilişlarga qarşi kuraş natijalari
Bojxona nazorati kuçaytirilişi noqonuniy olib kirilayotgan mobil qurilmalarni aniqlaş körsatkiçlarida ham aks etmoqda.
2025 yilda 47,9 ming dona noqonuniy mobil qurilma uşlab qolingan. Bu 2024 yildagi körsatkiçdan 4,4 barobar köp.
2026 yilning dastlabki 10 oyida esa jismoniy şaxslar tomonidan bojsiz olib kiriş me’yoridan yuqori qiymatda olib kirilgan 150,9 ming dona mobil qurilma böyiça 189 milliard söm bojxona tölovlari undirilgan.
Bu davrda rasmiylaştirilgan mobil qurilmalar soni ötgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga oşgan.
Uşbu raqamlarni birgalikda tahlil qilganda, davlatning mobil qurilmalar importini nazorat qiliş siyosati sezilarli darajada kuçayganini köriş mumkin.
Şu bilan birga, 47,9 ming dona uşlab qolingan qurilma va 150,9 ming dona rasmiylaştirilgan qurilma turli toifalarga mansub ekanini hisobga oliş lozim. Birinçisi noqonuniy olib kiriş bilan boğliq holatlarni, ikkinçisi esa bojsiz olib kiriş me’yoridan yuqori bölgan qurilmalar böyiça bojxona rasmiylaştiruvini anglatadi.

Nazorat kuçayişi qanday natija beradi?
Mobil qurilmalar importini nazorat qiliş va yaşirin iqtisodiyotga qarşi kuraşiş davlat uçun muhim vazifa. Biroq bu jarayonning ikkinçi tomoni ham bor: xorijdan şaxsiy ehtiyoji uçun telefon olib kelayotgan oddiy fuqarolarning huquqlari.
Agar yölovçi qonuniy tarzda xarid qilingan smartfonni mamlakatga olib kirayotgan bölsa, u qurilmaning bojxona rasmiylaştiruvi qanday tartibda amalga oşirilişini, qaysi holatlarda qöşimça tekşiruv ötkazilişini va qanday hujjatlar talab etilişini bilişi kerak.
Ayniqsa, telefonni vaqtinça saqlovga oliş masalasi alohida huquqiy asosga ega bölişi, uning sababi va muddati yölovçiga tuşuntirilişi zarur. Matbuot anjumanida Bojxona qömitasi mutaxassislari 30 kungaça majburiy saqlov va bir kunlik rasmiylaştiriş uçun qöşimça tölov tartibi joriy etilmaganini ma’lum qildi. Bu esa aholi orasida tarqalgan ayrim xabarlarning asossiz ekanligini isbotlaydi.
Biroq rasmiylaştiruvning vaqtinça töxtatilişi va ayrim qurilmalarning tekşiruvga jalb qilinişi amalda qanday tartibda keçişi haqidagi savollar oçiq qolmoqda.
Şu bois bojxona organlari nafaqat qonunbuzilişlarni aniqlaş, balki yölovçilarga tekşiruv jarayonining huquqiy asoslari, muddatlari va natijalari haqida tuşunarli ma’lumot berişga ham alohida e’tibor qaratişi lozim.
Ayrim bojxona çeklovlari joriy etilganidan keyin I phone narxlari modeli va xotira siğimiga qarab $50 dan $400 gaça oşib ketganligi ham aholi orasida turliça e’tirozlarga sabab böldi. Xavfsizlikni ta’minlaş va noqonuniy tovarlar aylanmasiga çek qöyilişi maqsadga muvofiq, ammo narxlarning sun’iy oşişining oldini oliş lozim.
Çunki davlat nazoratining samaradorligi faqat aniqlangan qonunbuzilişlar va byudjetga undirilgan mablağlar bilan emas, balki qonuniy harakatlanayotgan fuqarolarning huquqlari qay darajada himoya qilingani bilan ham ölçanadi. Demoqçi bölganimiz, çeklovlar çöntakka oğir kelişi kerak emas.
Yaşirin importga qarşi kuraşda navbatdagi bosqiç
Toşkent xalqaro aeroportidagi tekşiruvlar mobil qurilmalar bozoridagi yaşirin aylanmani qisqartirişga qaratilgan çoralarning bir qismi hisoblanadi.
2026 yilda rasmiy importning 4,1 million donaga yetişi, iPhone qurilmalari böyiça rasmiylaştiruvning 452 ming donadan oşişi va bojxona tuşumlarining 2 trillion sömni taşkil etişi uşbu yönalişdagi özgarişlarni körsatmoqda.
Biroq IMEI identifikatorlarini soxtalaştirişga qaratilgan sxemalarning aniqlanişi muammo faqat bojxona nazorati bilan çeklanmasligini ham anglatadi. Bu yerda tovarlarni deklaratsiyalaş, qurilmalarning identifikatsiyasi, axborot tizimlarining integratsiyasi va bozordagi harakatini nazorat qiliş özaro boğliq jarayonlar hisoblanadi.

Şuning uçun aeroportdagi tekşiruvlarni faqat ayrim yölovçilarga nisbatan qöllanilayotgan çora sifatida emas, balki mobil qurilmalar importidagi tizimli muammolarni bartaraf etişga qaratilgan harakat sifatida baholaş mumkin.
Biroq bu jarayonda eng muhim mezon özgarmasligi kerak: noqonuniy importga qarşi kuraşiş qonuniy importni qiyinlaştiriş hisobiga amalga oşmasligi lozim.
Muallif: Hasanboy OÇUN
Oʻzbekiston
12.11.2026, 10:51
Ulashish:
Mavzuga oid yangiliklar

Yangi Toşkent şahri hokimligi taşkil etiladi
Oʻzbekiston
12.11.2026, 11:08

Feruza Normatovaga nisbatan jinoyat işi qözğatildi
Oʻzbekiston
12.11.2026, 10:35

Qozoğistonga aloqador xakerlar Tojikiston va Özbekiston davlat tizimlariga hujum uyuştirdi
Jahon
12.11.2026, 10:18

Özbekistonda tuğilişlar soni kamaydi
Oʻzbekiston
02.11.2026, 13:03

1 noyabrdan Özbekistonda qanday özgarişlar kuçga kiradi?
Oʻzbekiston
31.10.2026, 09:36

Apple iPhone patentini buzganligi uchun $5,7 milliard to‘laydi
Fan-texnologiya
29.09.2026, 17:59
Mashhur yangiliklar

O‘zbek alifbosidagi toʻrt harf oʻzgardi
Ta'lim
21.10.2026, 14:48

Internetda Turdimov nomidan soxta xabarlar tarqatilmoqda
Ta'lim
13.10.2026, 16:30

Xitoy futbolining qulaşi
Sport
04.11.2026, 14:44

O‘zbekistonda erta nikoh va diniy nikoh marosimi uchun jarimalar oshirildi
Oʻzbekiston
15.10.2026, 16:35

O‘zbekistonda kimlar daxlsizlik va immunitetga ega?
Oʻzbekiston
17.10.2026, 14:01

Ukrainada Starlink faoliyati cheklandi
Jahon
15.10.2026, 11:18
So'nggi yangiliklar

Yangi Toşkent şahri hokimligi taşkil etiladi
Oʻzbekiston
12.11.2026, 11:08

Feruza Normatovaga nisbatan jinoyat işi qözğatildi
Oʻzbekiston
12.11.2026, 10:35

Qozoğistonga aloqador xakerlar Tojikiston va Özbekiston davlat tizimlariga hujum uyuştirdi
Jahon
12.11.2026, 10:18

Qozoğistonda “Kulpaş” va “Aytmatov” filmlari namoyişi qoldirildi
Madaniy
11.11.2026, 15:53

Rossiyada migrantlar sodir etgan jinoyatlar 40 foizga kamaydi
Jahon
11.11.2026, 12:17

GTL loyihasi kutilgan natijani berdimi?
Oʻzbekiston
11.11.2026, 12:06

Eronda yangi yerosti «raketa şahri» oçildi
Jahon
11.11.2026, 11:36

YEI ilk bor Ukrainada harbiy iştirokini yölga qöyadi
Jahon
11.11.2026, 10:09

Tojikistondan Qirg‘izistonga ötgan 170 ta uy aholiga beriladi
Jahon
10.11.2026, 15:10

Rossiyada işçi kuçi tanqis, migrantlar uçun çeklovlar esa kuçaymoqda
Siyosat
09.11.2026, 17:58

Davlat içidagi davlat: Samsung qanday yuksaldi?
Fan-texnologiya
09.11.2026, 16:19

Kelgusi 10 yilda 450 mlrd dollarlik energetika loyihalari amalga oşiriladi
Oʻzbekiston
09.11.2026, 15:16

Kosmosga yuborilgan ilk hayvonlar
Madaniy
09.11.2026, 11:50

“Aqlga ozuqa böladigan kitoblar”: ALP naşriyotida reyd ötkazildi
Madaniy
07.11.2026, 12:05

Qirğiziston Rossiya TIVga nota yubordi
Siyosat
06.11.2026, 17:40

Futbol olami erta yöqotgan futbolçilar
Sport
06.11.2026, 15:06

Qozoğistonda yoqilğini eksport qiliş taqiqi uzaytirildi
Iqtisodiyot
06.11.2026, 14:48

Toşkentda tuğilgan Serdjio Gor Trampning davlat kotibi bölişi mumkinmi?
Siyosat
06.11.2026, 10:32

AQŞ Senatiga saylangan ilk musulmon senator — Abdul Al-Sayed kim?
Siyosat
05.11.2026, 19:44
Mashhur yangiliklar

O‘zbek alifbosidagi toʻrt harf oʻzgardi
Ta'lim
21.10.2026, 14:48

Internetda Turdimov nomidan soxta xabarlar tarqatilmoqda
Ta'lim
13.10.2026, 16:30

Xitoy futbolining qulaşi
Sport
04.11.2026, 14:44

O‘zbekistonda erta nikoh va diniy nikoh marosimi uchun jarimalar oshirildi
Oʻzbekiston
15.10.2026, 16:35

O‘zbekistonda kimlar daxlsizlik va immunitetga ega?
Oʻzbekiston
17.10.2026, 14:01

Ukrainada Starlink faoliyati cheklandi
Jahon
15.10.2026, 11:18
