
Bir vaqtlar Yevropaning maşhur futbolçilarini katta maoşlar evaziga öz safiga çorlagan Xitoy klublari bugun moliyaviy muammolar va korruptsiya mojarolari bilan yuzma-yuz. Osiyo Çempionlar ligasida ikki marta ğolib çiqqan «Guangzhou Evergrande» tarqatib yuborildi, milliy terma jamoa esa 2026-yilgi jahon çempionatiga çiqa olmadi. Xöş, Xitoy futbolini dunyoning yetakçi tizimlaridan biriga aylantiriş uçun boşlangan ulkan loyiha nega kutilgan natijani bermadi?
2010-yillarda Xitoy futboli dunyo e’tiborini öziga tortdi. Yirik kompaniyalar klublarga katta mablağ tikdi, Yevropaning taniqli futbolçilari va maşhur murabbiylari mamlakatga keldi. Hukumat esa Xitoyni kelajakda jahon futbolining yetakçi markazlaridan biriga aylantirişni maqsad qildi. Ammo oradan bir neça yil ötib, bu orzuning poydevori qançalik zaif ekani körina boşladi. Yirik kompaniyalarning qarz inqirozi, klublarning homiylarga qaramligi, korruptsiya va yoşlar futbolidagi tizimli muammolar katta loyihalarning barqaror böla olmaganini körsatdi.
Xitoy futbolining katta orzusi
2010-yillarning boşlarida Xitoy iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan, yirik kompaniyalar katta daromad qilayotgan edi. Mamlakat rahbariyati Xitoyni nafaqat iqtisodiy, balki sport sohasida ham global kuçga aylantirişni istardi. Bu rejada futbol alohida örin egalladi. Xitoy rahbari Si Szinpinning futbolga bölgan qiziqişi mamlakatdagi islohotlarga siyosiy turtki berdi. 2015-yilda hukumat futbolni rivojlantiriş böyiça keng kölamli dastur e’lon qildi. Unda bolalar va ösmirlar futbolini rivojlantiriş, professional klublar tizimini takomillaştiriş, infratuzilmani kengaytiriş hamda milliy terma jamoani xalqaro darajaga olib çiqiş vazifalari belgilandi.
Uzoq muddatli rejalar orasida Xitoyning jahon çempionatiga mezbonlik qilişi va kelajakda uşbu musobaqada ğolib çiqiş darajasiga yetişi ham bor edi. 2015-yil mart oyida tasdiqlangan dasturga köra, 2020-yilga qadar futbolga ixtisoslaşgan boşlanğiç va örta maktablar sonini 20 mingga, 2025-yilga kelib esa 50 mingga yetkaziş rejalaştirilgan edi.

Bu oddiy sport loyihasi emasdi. Xitoy futbol orqali xalqaro nufuzini oşiriş, katta sport bozorini şakllantiriş va millionlab yoşlarni futbolga jalb qilişni közlagan edi. Köp ötmay, bu siyosat professional futbol bozorida ham öz aksini topdi. Xitoy klublari transferlarga katta mablağ sarflay boşladi.
Braziliyalik Oskar «Chelsea»dan «Shanghai SIPG»ga, Karlos Teves esa «Boca Juniors»dan «Shanghai Shenhua»ga ötdi. Xalk, Ezekiyel Lavessi, Xaver Maskerano va Aleks Teyşeyra kabi taniqli futbolçilar ham Xitoy çempionatida töp surdi. 2017-yilda «Shanghai SIPG» «Chelsea»dan Oskarni taxminan 60 million funt evaziga sotib oldi.
Karlos Tevesning «Shanghai Shenhua»dagi maoşi ham katta şov-şuvga sabab böldi. Argentinalik hujumçi haftasiga qariyb 615 ming funt işlab topişi haqida xabarlar tarqalgan edi. Şu tariqa, Xitoy Superligasi qisqa vaqt içida jahon futbol bozorining eng e’tiborli nuqtalaridan biriga aylandi. Ammo bu ösiş ortida muhim savol bor edi: Xitoy futboli mustaqil va barqaror tizim yaratayotganmidi yoki yirik kompaniyalarning katta mablağlariga tayanayotganmidi?
«Guangzhou Evergrande»: yuksaliş va qulaş
Xitoy futbolining yuksalişi va keyingi inqirozini tuşuniş uçun «Guangzhou Evergrande» tarixiga töxtaliş kerak. 2010-yilda klubni köçmas mulk sohasida faoliyat yurituvçi China Evergrande Group sotib oldi. Kompaniya rahbari Hui Ka-yan katta mablağ sarflab, Xitoyda tengsiz jamoa yaratişni maqsad qildi. Natijalar ham uzoq kuttirmadi: «Guangzhou Evergrande» 2011–2019-yillar oraliğida sakkiz marta mamlakat çempioniga aylandi. 2013 va 2015-yillarda Osiyo Çempionlar ligasida ğolib çiqdi.

Jamoani turli davrlarda jahon futbolida katta obröga ega murabbiylar — italiyalik Marçello Lippi, braziliyalik Luiz Felipe Skolari va Fabio Kannavaro boşqardi. Klub klublar örtasidagi jahon çempionatida ham qatnaşdi. 2015-yilgi musobaqada yarim finalgaça yetib borib, «Barcelona»ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Yakunda törtinçi örinni egalladi. Bundan taşqari, klub «Real Madrid» bilan yoşlar futbolini rivojlantiriş böyiça hamkorlikni yölga qöydi. Zamonaviy infratuzilmaga ega yirik futbol akademiyasi taşkil etildi. Hatto 100 ming tomoşabinga möljallangan stadion quriş loyihasi ham ilgari surildi. Taşqaridan qaraganda, Xitoy futbolining kelajagi porloq körinardi.
Ammo muvaffaqiyatning jiddiy zaif tomoni bor edi: «Guangzhou Evergrande» asosan mustaqil daromadlari hisobiga emas, uni moliyalaştirayotgan kompaniyaning mablağlari evaziga rivojlanayotgan edi. Kompaniya kuçli bölgan paytda klub ham kuçli edi. Kompaniya moliyaviy muammolarga duç kelgaç, futbol loyihasining poydevori ham zaiflaşdi.
Evergrande kompaniyasining qarz inqirozi
Klub qulaşining asosiy sabablaridan biri futbol maydonidan taşqarida — Xitoyning köçmas mulk sektorida yuz berdi. China Evergrande Group yillar davomida yirik quriliş loyihalarini amalga oşirib, katta miqdorda qarz oldi. Kompaniya köçmas mulk bozorining uzluksiz ösişiga tayanib, yangi loyihalarni moliyalaştirişda davom etdi. Ammo bunday model uzoq vaqt işlay olmadi. 2020-yilda Xitoy hukumati köçmas mulk kompaniyalarining qarz oliş imkoniyatlarini çeklaşga qaratilgan talablarni kuçaytirdi. Uy-joy bozoridagi ösiş sekinlaşdi, quriliş loyihalari va moliyaviy majburiyatlar bilan boğliq muammolar ortdi.
2021-yilga kelib Evergrande qarz majburiyatlarini bajara olmay qolgan dunyodagi eng yirik köçmas mulk kompaniyalaridan biriga aylandi. Uning jami majburiyatlari 300 milliard dollardan oşgani xalqaro matbuotda keng yoritildi. Kompaniyaning moliyaviy muammolari futbol loyihasiga ham bevosita ta’sir qildi. Futbolçilar maoşi, transferlar, murabbiylar ştabi va infratuzilmani saqlaş uçun mablağ topiş qiyinlaşdi. Yulduz futbolçilar va murabbiylar jamoani tark eta boşladi. 2022-yil yakunida «Guangzhou Evergrande» Xitoy Superligasidan tuşib ketdi. Bir vaqtlar Osiyoni zabt etgan jamoa quyi divizionda öynaşga majbur böldi. Keyingi yillarda ham klubning moliyaviy muammolari hal etilmadi.
2025-yil 6-yanvarda «Guangzhou» klubi oğir tarixiy qarzlarini tölay olmagani va yangi mavsum uçun professional ligaga qöyilmagani sabab faoliyatini rasman tugatişini e’lon qildi. Şu tariqa, sakkiz karra mamlakat çempioni va Osiyo Çempionlar ligasining ikki karra ğolibi professional futbol sahnasidan çiqib ketdi.
Muammo faqat bitta klubda emasdi
Xitoy futbolidagi inqiroz «Guangzhou Evergrande» bilan çeklanib qolmadi. 2020-yilda Xitoy Superligasi çempionligini qölga kiritgan «Jiangsu Suning» ham bunga misol böla oladi. Jamoa finalda «Guangzhou Evergrande»ni mağlub etib, mamlakatning eng kuçli klubi ekanini isbotlagan edi. Ammo çempionlikdan atigi uç oy ötib, 2021-yil fevralida klub faoliyatini töxtatişini e’lon qildi. Bunga klub egasi Suning Group kompaniyasining moliyaviy muammolari sabab böldi. Kompaniya asosiy biznes yönalişlariga e’tibor qaratiş uçun futbol loyihasini moliyalaştirişni töxtatdi. Natijada amaldagi mamlakat çempioni professional futbol sahnasidan yöqoldi.
Yana bir misol — «Hebei FC». Bir vaqtlar katta mablağ sarflagan klub tarkibiga Ezekiyel Lavessi, Xaver Maskerano va Gervinyo kabi taniqli futbolçilarni jalb qilgan edi. Biroq moliyaviy muammolar sabab futbolçilarning maoşlari va boşqa xarajatlarni qoplaş imkoniyati kamaydi. Natijada jamoa professional futbol tizimidan çiqib ketdi. Bu holatlar Xitoy professional futbolidagi tizimli muammoni oçib berdi: köplab klublarning taqdiri ularni moliyalaştirayotgan kompaniyalarning iqtisodiy ahvoliga boğlanib qolgan edi. Boş kompaniya moliyaviy qiyinçilikka uçrasa, klub ham mablağsiz qolardi. Mustaqil daromad manbalariga ega bölmagan jamoalar uçun bunday zarbadan keyin tiklaniş juda qiyin edi.
Qimmat transferlarga çeklovlar
Xitoy futbolidagi ulkan xarajatlar hukumat e’tiboridan çetda qolmadi. 2017-yildan boşlab mamlakat futbol rahbarlari klublarning «mantiqsiz xarajatlari»ni çeklaşga kirişdi. Qimmat transferlar uçun qöşimça moliyaviy talablar joriy etildi. Buning sababi şuki, klublar mahalliy futbolni rivojlantirişdan köra, xorijlik futbolçilarni katta mablağ evaziga sotib olişga köproq e’tibor qaratayotgan edi. 2020-yil dekabrida Xitoy futbol assotsiatsiyasi yanada qat’iy moliyaviy çeklovlarni e’lon qildi. Öşa davrdagi qoidalarga köra, Xitoy Superligasida xorijlik futbolçilarning yillik maoşi soliqdan oldin 3 million yevro, mahalliy futbolçilarniki esa 5 million yuan bilan çeklanişi belgilandi.

Klublarning umumiy xarajatlariga ham limitlar kiritildi. Bu qarorlar moliyaviy pufakni jilovlaş va klublarni iqtisodiy jihatdan barqarorlaştirişga qaratilgan edi. Biroq buning boşqa tomoni ham bor edi: katta maoşlar evaziga Xitoyga kelgan futbolçilar uçun çempionatning jozibasi pasaydi. Xorijlik yulduzlarning bir qismi ketdi, yangi yirik transferlar soni kamaydi.
Pandemiya inqirozni tezlaştirdi
COVID-19 pandemiyasi Xitoy futbolining mavjud muammolarini yanada kuçaytirdi. Çempionat taqvimi özgardi, öyinlarni taşkil qiliş qiyinlaşdi, ayrim uçraşuvlar tomoşabinlarsiz ötkazildi. Bunday şaroitda klublarning çipta savdosi, homiylik va boşqa tijoriy manbalardan daromad oliş imkoniyatlari qisqardi. Ayniqsa, faoliyati homiy kompaniyalar mablağiga boğliq bölgan jamoalar bundan qattiq zarar kördi. Asosiy muammo pandemiyaning özida emasdi. U mavjud iqtisodiy modelning qançalik zaif ekanini körsatib berdi. Agar klub öz stadioni, muxlislari, tijoriy hamkorligi va akademiyasi orqali yetarli daromad olmasa, homiy kompaniyaning moliyaviy muammolari uning faoliyatini ham xavf ostiga qöyadi. Xitoy futbolida aynan şunday holat kuzatildi.
Milliardlar nega kuçli terma jamoa yaratolmadi?
Xitoy futbolining eng katta paradokslaridan biri şundaki, mamlakat professional klublarni rivojlantiriş uçun katta mablağ sarflagan bölsa-da, milliy terma jamoa kutilgan darajaga kötarilmadi. Xitoy 2002-yilgi jahon çempionatida iştirok etgan. Bu mamlakat tarixidagi hozirgaça yagona mundial hisoblanadi. Öşanda terma jamoa guruh bosqiçidagi uçala uçraşuvda ham mağlub bölib, birorta gol ura olmagan. Keyingi yillarda futbolni rivojlantiriş uçun katta dasturlar amalga oşirildi.
Biroq 2026-yilgi jahon çempionati saralaşida ham Xitoy terma jamoasi muvaffaqiyatsizlikka uçradi. Jamoa Osiyo mintaqasi uçinçi bosqiçidagi guruhida yetarli natija körsata olmadi va musobaqa bilan muddatidan oldin xayrlaşdi.
2024-yil sentabr oyida Yaponiyaga qarşi uçraşuvda qayd etilgan 0:7 hisobidagi mağlubiyat ham Xitoy futbolidagi muammolarni yana bir bor körsatdi. Bu mamlakatning jahon çempionati saralaşidagi eng yirik mağlubiyatlaridan biri böldi. 2025-yil mart oyida BBC Sport e’lon qilgan tahliliy materialda Xitoy terma jamoasining FIFA reytingida 90-örinda ekani qayd etilgan edi. Bu 2015-yilda boşlangan islohotlar va yirik investitsiyalarga qaramay, terma jamoa xalqaro miqyosda sezilarli darajada kuçaymaganini körsatardi.
Xöş, muammo nimada edi?
Xorijlik yulduzlarni sotib oliş mahalliy futbolçilar saviyasini avtomatik ravişda oşirmaydi. Kuçli terma jamoa yaratiş uçun faqat professional klublarga mablağ ajratiş yetarli emas. Bolalar futboli, maktablar, murabbiylar tayyorlaş tizimi va muntazam musobaqalar bir-biri bilan boğliq holda işlaşi kerak. Futbolçining şakllanişi uzoq yillar talab qiladigan jarayon. Katta mablağ sarflab, bir neça mavsum içida xalqaro darajadagi futbolçilar yetiştirib bölmaydi.
Akademiyalar nega kutilgan natijani bermadi?
Xitoy futbolining rivojlanişiga tösqinlik qilgan omillardan biri yoşlar tayyorlaş tizimidagi muammolar böldi. Mamlakatda yirik futbol akademiyalari taşkil etildi, zamonaviy maydonlar qurildi, xorijlik murabbiylar taklif qilindi. Biroq infratuzilmaning rivojlanişi har doim ham sifatli futbolçilar yetişib çiqişiga olib kelmadi.
Masalan, «Guangzhou Evergrande» akademiyasi Xitoydagi eng yirik futbol loyihalaridan biri edi. Bu yerda minglab yoş futbolçilar şuğullanişi va zamonaviy şaroitlarda ta’lim olişi közda tutilgan. Ammo katta akademiya quriş bilan kuçli futbol maktabini yaratiş bir xil narsa emas.
Tadqiqot mualliflari sport va ta’lim tizimlari örtasidagi kelişmovçiliklar, turli taşkilotlarning vazifalari aniq çegaralanmagani hamda bolalar futbolida iştirok etişdan köra yuqori natijaga erişişga ortiqça urğu berilişi rivojlanişga tösqinlik qilganini ta’kidlaydi. Xitoyda köplab bolalar yoşligida sport bilan şuğullansa-da, örta maktab davrida öqiş va imtihonlarga tayyorgarlik ustuvorlikka aylanadi.
Natijada muntazam futbol öynaş va professional darajaga çiqiş uçun zarur vaqt qisqaradi. Yana bir muhim masala — ota-onalarning munosabati. Professional futboldagi korruptsiya va turli mojarolar sportning jamiyatdagi obrösiga salbiy ta’sir körsatişi mumkin. Şu sababli ayrim ota-onalar farzandining kelajagini futbol bilan boğlaşga ikkilanadi. Demak, muammo faqat akademiyalar sonida emas. Bolaning maktabdan professional klubgaça bölgan yölini ta’minlaydigan, murabbiylik sifati, raqobat va futbol madaniyatini birlaştiradigan tizim zarur edi.
Korrupsiya: futbolga bölgan işonçga zarba
Xitoy futbolidagi inqiroz haqida gap ketganda, korruptsiya va öyin natijalarini kelişiş bilan boğliq mojarolarni ham çetlab ötib bölmaydi. Sönggi yillarda mamlakat futbol boşqaruvida keng kölamli tekşiruvlar ötkazildi. Bir qator yuqori lavozimli amaldorlar, murabbiylar va futbolçilar korruptsiyada ayblandi. Eng şov-şuvli işlardan biri Xitoy milliy terma jamoasining sobiq boş murabbiyi Li Te bilan boğliq böldi.

Avval Angliyaning «Everton» klubida töp surgan Li Te 2019-yilda Xitoy milliy terma jamoasiga vaqtinçalik boş murabbiy sifatida olib kelindi. Keyinçalik boş murabbiy etib tayinlangan mutaxassis 2021-yilgaça jamoani boşqardi. 2024-yil dekabr oyida u poraxörlik va futbol uçraşuvlari natijalariga noqonuniy ta’sir körsatiş bilan boğliq jinoyatlarda aybdor deb topilib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 2026-yil 29-yanvarda Xitoy futbol assotsiatsiyasi Li Te va yana 72 nafar şaxsni futboldagi barça faoliyatdan umrbod çetlatdi. Bu qaror ularning futbol sohasida işlaşi yoki boşqa faoliyat bilan şuğullanişini taqiqlaydi.
Bu Xitoy futbolidagi yagona korruptsiya işi emasdi. 2024-yil mart oyida Xitoy futbol assotsiatsiyasining sobiq rahbari Çen Xuyyuan 81 million yuandan ortiq pora olişda aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. 2024-yil sentabrida esa Xitoy futbol assotsiatsiyasi 38 nafar futbolçi va beş nafar klub rasmiysini kelişilgan öyinlar va qimor bilan boğliq qoidabuzarliklar sabab futboldan umrbod çetlatdi. Rasmiy tekşiruvlarda 120 ta uçraşuvda natijalarni kelişiş holatlari aniqlangani, uşbu jarayonga 41 ta klub aloqador bölgani haqida ma’lumot berildi.

2026-yilda ham jazolar davom etdi
2026-yil 29-yanvarda Xitoy futbolida korruptsiya, kelişilgan öyinlar va noqonuniy qimor bilan boğliq tekşiruvlar yakunlari böyiça yangi jazolar e’lon qilindi. Xitoy futbol assotsiatsiyasi va mamlakatning tegişli idoralari sud tomonidan jinoyat sodir etgan deb topilgan 73 nafar futbol sohasi vakilini futboldagi barça faoliyatdan umrbod çetlatdi. Bundan taşqari, 13 ta professional klubga 2026-yilgi mavsum uçun oçko çegirmalari va moliyaviy jarimalar belgilandi. Xitoy futbol assotsiatsiyasining rasmiy bayonotiga köra, «Tianjin Jinmen Tigers» va «Shanghai Shenhua» klublari 10 oçkodan mahrum qilindi. Amaldagi mamlakat çempioni «Shanghai Port» esa beş oçko yöqotdi.
Bu jazolar Xitoy futbolidagi muammolar faqat moliyaviy inqiroz bilan çeklanmaganini körsatdi. Öyin natijalariga noqonuniy ta’sir körsatiş, qimor va poraxörlik kabi holatlar sport musobaqalarining adolatiga ham putur yetkazdi.
Xitoy futboli butunlay barbod böldimi?
Xitoy futbolining sönggi ön yillikdagi tarixiga qarab, mamlakatdagi barça loyihalar muvaffaqiyatsiz böldi, degan xulosaga keliş töğri emas. Hukumat dasturlari natijasida infratuzilma kengaydi, yangi maydonlar qurildi, yoşlar futboliga e’tibor oşdi. Mamlakatda futbolni ommalaştiriş böyiça köplab loyihalar amalga oşirildi. 2025-yilda BBC Sport bilan suhbatlaşgan Xitoy futboli böyiça mutaxassislar ham yoşlar futbolida ayrim ijobiy özgarişlar borligini qayd etgan. Biroq bu natijalar professional futbol va milliy terma jamoaning kutilgan darajaga çiqişi uçun yetarli bölmadi. Xitoy tajribasining asosiy saboği şuki, futbolni faqat pul bilan rivojlantirib bölmaydi.
Maşhur futbolçilarni sotib oliş, taniqli murabbiylarni olib keliş va zamonaviy stadionlar quriş orqali qisqa vaqt içida katta şov-şuv yaratiş mumkin. Ammo bularning heç biri öz-özidan kuçli futbol tizimini şakllantirmaydi. Buning uçun mahalliy futbolçilarni bolalikdan töğri tayyorlaş, sifatli murabbiylar yetiştiriş, klublarning mustaqil iqtisodiy modelini yaratiş, futbol boşqaruvida şaffoflikni ta’minlaş va muxlislar işonçini qozoniş zarur. Xitoy futboli bir vaqtlar dunyoni katta transferlar bilan hayratga qoldirdi.
Ammo bu jarayonda eng muhim masala — futbolning özini rivojlantiriş ikkinçi darajaga tuşib qoldi. Natijada yirik mablağ sarflangan loyihalar iqtisodiy inqiroz, korruptsiya va samarasiz boşqaruv oldida zaif bölib çiqdi. Xitoyning futbol orzusi hali butunlay tugagani yöq. Ammo mamlakat endi avvalgi xatolarni takrorlamasdan, yangi tizim qurişi kerak.
Çunki kuçli futbol uçun katta mablağning özi yetarli emas. Buning uçun yillar davomida şakllanadigan futbol maktabi, tajribali murabbiylar va şaffof boşqaruv zarur.
Ramazon Abduraşid
Sport
04.11.2026, 14:44
Ulashish:
Mavzuga oid yangiliklar

Xitoy futbolining qulaşi
Sport
26.10.2026, 10:24

Lionel Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
Sport
02.09.2026, 12:25

Yevropa parlamenti deputatlari FIFA rahbariyatiga nisbatan tekshiruv o‘tkazishni talab qildi
Sport
09.07.2026, 16:07

Xitoyda yetim yigitning töyiga minglab notaniş odamlar keldi
Jahon
31.10.2026, 12:13

Xitoy va AQSH Markaziy Osiyoda: iqtisodiy raqobat yangi bosqichdami?
Siyosat
17.10.2026, 12:12

Elektromobillar qimmatlaydimi?
Iqtisodiyot
14.10.2026, 16:59
Mashhur yangiliklar

O‘zbek alifbosidagi toʻrt harf oʻzgardi
Ta'lim
21.10.2026, 14:48

Internetda Turdimov nomidan soxta xabarlar tarqatilmoqda
Ta'lim
13.10.2026, 16:30

"Uzbek" sarlavhada: xorijdagi jinoyatlar O‘zbekiston imijiga qanday ta’sir qilmoqda?
Oʻzbekiston
08.10.2026, 14:31

O‘zbekistonda erta nikoh va diniy nikoh marosimi uchun jarimalar oshirildi
Oʻzbekiston
15.10.2026, 16:35

Sirojiddin Odilov ishi: nega fuqarolar blogerlardan yordam so‘raydi?
Oʻzbekiston
07.10.2026, 18:38

Human Rights Watch Sirojiddin Odilov ishida adolatli sudlov yuzasidan xavotir bildirdi
Oʻzbekiston
08.10.2026, 19:12
So'nggi yangiliklar

AQŞ Senatiga ilk musulmon saylandi
Siyosat
04.11.2026, 17:55

"Bundan buyon “kambağal oila qolmadi” degan hisobot ötmaydi" – Prezident
Oʻzbekiston
04.11.2026, 14:16

Dunyo böylab 28 yil
Madaniy
04.11.2026, 11:59

24 davlat vakillari Samarqandda nimani muhokama qiladi?
Oʻzbekiston
04.11.2026, 11:07

Hindiston 500 million kişini kambağallikdan çiqardi
Jahon
03.11.2026, 17:09

Kredit reklamasi va şartnomalarida ogohlantiriş majburiy böldi
Iqtisodiyot
03.11.2026, 10:30

Uitkoff: AQŞ, Rossiya va Ukraina vakillari Abu-Dabida uçraşadi
Siyosat
03.11.2026, 10:17

Isroil kuçlari Al-Jazira muxbirini hibsga oldi
Jahon
03.11.2026, 10:00

Germaniyada Z avlod namoyişlari: yoşlar hukumatdan nimani talab qilmoqda?
Jahon
02.11.2026, 16:55

Özbekistonda tuğilişlar soni kamaydi
Oʻzbekiston
02.11.2026, 13:03

Hindistonda yigit AI yordamida özini öğirlatdi
Jahon
02.11.2026, 11:04

Özbekistonliklarning içimlik suvdan qarzi 430 milliard sömdan oşdi
Iqtisodiyot
31.10.2026, 13:00

Xitoyda yetim yigitning töyiga minglab notaniş odamlar keldi
Jahon
31.10.2026, 12:13

1 noyabrdan Özbekistonda qanday özgarişlar kuçga kiradi?
Oʻzbekiston
31.10.2026, 09:36

Kreml uruş xarajatlarini qoplaş uçun soliqlarni oşirmoqçi
Jahon
30.10.2026, 15:04

Isitiş mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 million sömdan yordam beriladi
Oʻzbekiston
30.10.2026, 12:15

Özbekiston va Turkiya prezidentlari qator kelişuvlarni imzoladi
Oʻzbekiston
30.10.2026, 11:47

Dunyodagi eng yirik kriptobirja hakerlar hujumiga uçradi
Iqtisodiyot
30.10.2026, 11:30

Dengizga kömilgan asirlar | Ikkinçi jahon uruşining unutilgan fojiasi
Madaniy
29.10.2026, 19:35
Mashhur yangiliklar

O‘zbek alifbosidagi toʻrt harf oʻzgardi
Ta'lim
21.10.2026, 14:48

Internetda Turdimov nomidan soxta xabarlar tarqatilmoqda
Ta'lim
13.10.2026, 16:30

"Uzbek" sarlavhada: xorijdagi jinoyatlar O‘zbekiston imijiga qanday ta’sir qilmoqda?
Oʻzbekiston
08.10.2026, 14:31

O‘zbekistonda erta nikoh va diniy nikoh marosimi uchun jarimalar oshirildi
Oʻzbekiston
15.10.2026, 16:35

Sirojiddin Odilov ishi: nega fuqarolar blogerlardan yordam so‘raydi?
Oʻzbekiston
07.10.2026, 18:38

Human Rights Watch Sirojiddin Odilov ishida adolatli sudlov yuzasidan xavotir bildirdi
Oʻzbekiston
08.10.2026, 19:12
