Semipalatinsk: SSSR 40 yil davomida ötkazgan yadro sinovlari
AQŞ bilan yadroviy kuç borasida bellaşgan SSSR Qozoğiston daştlarida yuzlab portlaşlar amalga oşirdi. Semipalatinsk poligonida ötkazilgan 456 ta sinov milliondan ortiq insonni radiatsiya ta’siriga duçor qilgan.
Fan-texnologiya
25.11.2026, 17:17
Ulashish:

Foto: Rasm SI yordamida yaratilgan
1949 yil 29 avgust kuni ertalab Qozoğiston SSRning şarqiy qismida, Semipalatinsk şahridan taxminan 150–170 kilometr uzoqlikdagi maxsus harbiy poligonda kuçli portlaş sodir böldi. Bir neça soniya içida daşt uzra ulkan olov şari paydo böldi, uning ortidan osmonga qöziqorin şaklidagi bulut kötarildi. Portlaş tölqini atrofdagi binolarning derazalarini sindirdi, ayrim uylarning devorlarini şikastladi.
Bu Sovet Ittifoqining birinçi atom bombasi sinovi edi.
Moskva uçun bu voqea AQŞning yadro quroli böyiça ustunligiga barham beriş yölidagi katta yutuq hisoblangan. Ammo portlaş amalga oşirilgan hududda yaşagan aholi uçun u keyingi ön yilliklarda davom etadigan fojianing boşlanişi böldi. Sovet hukumati bu yerda qariyb 40 yil davomida yadro qurollarini sinadi. Dastlabki tajribalardanoq yuzlab hayvonlar halok böldi, radioaktiv moddalar esa poligon çegarasidan taşqariga tarqaldi.
Şundan söng Semipalatinskda 1949–1989 yillar oraliğida jami 456 ta yadro sinovi ötkazildi. Ularning oqibatlari bugun ham Qozoğistonning sobiq Semipalatinsk viloyati aholisi va atrof-muhitini örganayotgan olimlar diqqat markazida.
Sovet Ittifoqining birinçi atom bombasi
Semipalatinsk poligoni tarixini tuşuniş uçun Ikkinçi jahon uruşi yakunlariga qaytiş kerak. 1945 yil iyulida AQŞ prezidenti Garri Trumen Potsdam konferentsiyasi vaqtida Iosif Stalinga amerikaliklar nihoyatda kuçli yangi qurol yaratganini ma’lum qildi. Bu Manxetten loyihasi doirasida işlab çiqilgan atom bombasi edi. Avgust oyida AQŞ Xirosima va Nagasakiga atom bombalarini taşladi. Yaponiyaning ikki şahri vayron böldi, yuz minglab odamlar halok böldi, tirik qolganlar esa keyinçalik radiatsiya oqibatlaridan aziyat çekdi.
Stalin uçun AQŞning bunday qurolga ega bölişi jiddiy strategik muammo edi. Uruşdan keyin ikki davlat örtasida şakllanayotgan qarama-qarşilik şaroitida atom bombasi nafaqat harbiy vosita, balki siyosiy bosim va xalqaro ta’sir quroliga ham aylangan edi. Şu sababli Sovet rahbariyati öz atom bombasini yaratişni tezlaştirdi.
Loyihaning ilmiy rahbarligiga fizik Igor Kurçatov tayinlandi. Maxsus davlat komissiyasiga Lavrentiy Beriya boşçilik qildi. U quriliş, ilmiy tadqiqotlar, sanoat korxonalari va maxfiylik bilan boğliq işlarni nazorat qildi.
Sovet atom loyihasi mutlaqo noldan boşlanmadi. Germaniyadan olib kelingan ilmiy mutaxassislar va texnik materiallar, şuningdek, AQŞning Manxetten loyihasi haqidagi razvedka ma’lumotlari asosida yaratildi. Biroq bombaning asosiy konstruktsiyasini yaratiş, zarur yadro materiallarini işlab çiqariş va sinovga tayyorlaş ulkan sanoat hamda ilmiy safarbarlikni talab qildi.
1949 yilga kelib birinçi sovet atom bombasi tayyor böldi. Endi uni haqiqiy şaroitda portlatiş va hisob-kitoblarning töğriligini tekşiriş kerak edi. Buning uçun maxsus poligon zarur edi. Sovet rahbariyati birinçi yadro sinovi uçun hudud tanlaşda bir neçta talabni hisobga oldi.
Poligon katta maydonga ega bölişi, harbiy ob’ektlarni quriş va sinovlarni taşkil etiş uçun qulay bölişi, taşqi kuzatuvdan imkon qadar himoyalangan bölişi kerak edi. Qozoğistonning şarqiy qismidagi keng daştlar aynan şunday joy bölgani uçun harbiy rejalaştiruvçilarga ma’qul keldi.
Semipalatinsk şahri yaqinida temiryöl va boşqa transport infratuzilmasi bor edi. Bu uzoq hududga quriliş materiallari, texnika, oziq-ovqat va mutaxassislarni yetkazişni osonlaştirardi.
1946 yil 21 avgustda Semipalatinsk hududida yadro sinov poligonini taşkil etiş töğrisida hukumat qarori qabul qilindi. Keyinçalik bu yerda harbiy şaharça, laboratoriyalar, kuzatuv punktlari, aloqa tizimlari va boşqa infratuzilma qurildi.
Sovet harbiy rahbariyati hududni nisbatan kam aholi yaşaydigan joy sifatida körgan. Ammo bu tasavvur haqiqatga töliq mos kelmasdi. Markaziy Osiyo universiteti tadqiqotçilari Çarlz Bekker, Jeffri Xill va Sulton Muratovning 2022 yilda e’lon qilingan tadqiqotida 1939 yilgi aholi röyxatiga köra, Semipalatinsk şahrining özida qariyb 150 ming kişi yaşagani qayd etilgan.
Şuningdek, atrofdagi qişloqlar va mavsumiy çorvaçilik manzillari ham mavjud edi. Demak, poligon qurilgan hududni odamlardan xoli deb bölmasdi. “Karnegi Endoument” tadqiqotçisi Togjan Kassenovaning yozişiça, Semipalatinsk şahri sinov maydonidan taxminan 120 kilometr uzoqlikda joylaşgan bölib, u yerda turli millat vakillari istiqomat qilgan.
Harbiy rejalaştiruvçilar esa mahalliy aholining hayoti va hududning tarixiy ahamiyatini yetarliça hisobga olmagan.
Poligonda birinçi sinovga tayyorgarlik bir neça oy davom etdi. Tajriba uçun maxsus maydon taşkil etildi. Portlaş markazida baland minora qurilib, atom bombasi şu minoraga örnatildi. Uning atrofida turli masofalarda harbiy texnika, binolar, inşootlar va hayvonlar joylaştirildi.
Sinovning maqsadi faqat bombaning portlaş quvvatini aniqlaş emasdi. Sovet olimlari yadroviy portlaşning binolar, transport vositalari, harbiy texnika va tirik organizmlarga qanday ta’sir körsatişini ham örganmoqçi edi.
1949 yil 29 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:00 da RDS-1 nomli atom bombasi portlatildi. Uning quvvati taxminan 22 kilotonna trotil ekvivalentiga teng edi. Taqqoslaş uçun, 1945-yilda Xirosimaga taşlangan atom bombasining quvvati taxminan 15 kilotonna bölgan. Portlaşdan taxminan 20 daqiqa ötgaç, radiatsion holatni tekşiriş uçun maxsus himoya vositalari bilan jihozlangan ikkita tank portlaş markaziga yuborildi. Sinov muvaffaqiyatli deb topildi. Sovet hukumati bu sinovni mutlaq maxfiylikda saqlaşga harakat qilgan. Biroq portlaşning yaşirişning imkoni bölmadi.
AQŞ razvedkasi atmosferadagi radioaktiv izlarni aniqlab, Sovet Ittifoqi atom bombasini sinovdan ötkazganini 1949 yil sentyabrida tasdiqladi.
Hayvonlar ustidagi maxfiy tajribalar
Birinçi atom bombasi sinovining eng dahşatli tafsilotlaridan biri portlaşdan bir kun keyin tuzilgan maxfiy hisobotda qayd etilgan. 1949 yil 30 avgustda SSSR soğliqni saqlaş vaziri örinbosari Avetik Burnazyan sinov hududidagi hayvonlar holati haqida Lavrentiy Beriyaga maxfiy hisobot yubordi.
Unda tajriba maydoniga jami 1 538 ta hayvon olib kelingani körsatilgan. Hayvonlar portlaş markazidan turli masofalarda, oçiq maydonda, okoplarda va binolar içida joylaştirilgan. Olimlar bu orqali portlaşning masofa va himoya inşootlariga qarab qanday özgarişini örganişgan.
Hisobotda 1949 yil 29 avgust kuni sinov hududidan 122 ta ölik hayvon olib çiqilgani, yana 85 tasi oğir ahvolda ekani qayd etilgan. Portlaş sodir bölgan nuqtadan 500 metr naridagi hududda esa yana 138 ta hayvon qolib ketgan. Ularni olib çiqiş qiyin bölgan. Hujjatda bu hayvonlarning aksariyati ham nobud bölgani taxmin qilingan. Şu tariqa, jami 345 ta hayvon yöqotilgani körsatilgan.
Bu tajribaga jalb qilingan barça hayvonlarning 22 foiziga teng edi. Biroq 138 ta hayvonning nobud bölgani bevosita tasdiqlanmagan. Portlaş markazidan 750–800 metr uzoqlikdagi oçiq maydonda turgan hayvonlarning barçasida halokatli ta’sir qayd etilgan.
1 200 metr masofagaça bölgan hududda esa ayrim qora itlar va qöylarda yengil hamda örtaça darajadagi kuyiş jarohatlari aniqlangan. Biroq hayvonlarning joylaştirilişi ularning omon qoliş imkoniyatiga ham ta’sir körsatgan. Masalan, portlaş markazidan 750–800 metr masofada, ikki metrgaça çuqurlikdagi okoplarda bölgan hayvonlar tirik qolgan va ularda kuyiş belgilari aniqlanmagan.
Portlaşdan 800 metr uzoqlikdagi toş binoning yertölasida turgan hayvonlar ham omon qolgan. Binoning yuqori qavatlarida bölganlarning köpçiligi esa bino vayron bölişi oqibatida halok bölgan deb taxmin qilingan.
Hisobotda radiatsiya bilan boğliq yana bir muhim kuzatuv bor. Portlaş hududidan qaytarilgan ayrim hayvonlarning qoni, öt suyuqligi, içki a’zolari va junida radioaktiv moddalar topilgan. Bir gramm junda radioaktivlik körsatkiçi 300 dan 15 minggaça impulsni taşkil etgan. Hayvonlarni yuvgandan keyin esa jundagi radioaktivlikning bir qismi kamaygan.
Tajriba bu bilan tugamagan. Portlaşdan omon qolgan 230 ta hayvonda turli davolaş usullari sinab körilgan. Ularga antibiotiklar, uyqu dorilari va boşqa preparatlar berilgan, qon zardobi hamda fiziologik eritma yuborilgan, qon quyiş muolajalari ham qöllangan. Bu işlar atom portlaşidan keyin hayvonlar organizmida yuz bergan özgarişlarni örganiş va ularning ahvolini yaxşilaş imkoniyatlarini tekşiriş bilan boğliq edi.
Hujjatda portlaşdan keyingi dastlabki radiatsiya körsatkiçlari ham qayd etilgan. 29 avgust kuni soat 10:00 da portlaş markazidagi körsatkiç soniyasiga 500 ming mikrorentgenni taşkil qilgan. Markazdan 250 metr uzoqlikda bu raqam 100–150 ming, 500 metrda 8 600, 750 metrda 1 000, 1 000 metrda esa 100 mikrorentgen bölgan.
1949 yildagi sinovdan keyin Semipalatinsk poligoni Sovet Ittifoqining asosiy yadro tajribalari markaziga aylandi. Keyingi yillarda bu yerda atom bombalari bilan birga termoyadro qurollari ham sinaldi. 1953 yilga kelib Sovet Ittifoqi vodorod bombasini ham sinovdan ötkazişga tayyorlandi.
Bu sinov avvalgi atom bombalariga qaraganda ança kuçli qurolning imkoniyatlarini tekşirişga qaratilgan edi. Qozoğistonlik yadro siyosati böyiça ekspert Toğjan Kassenova Qalam naşriga bergan intervyusida aynan şu sinov oldidan yuz bergan bir voqeani eslaydi. Uning aytişiça, portlaş quvvati avvalgi sinovlardan ança yuqori bölişi ma’lum bölgan paytda vazirlik vakillaridan biri kutilmaganda şunday savol bergan:
«Odamlar bilan nima böladi? Heç bölmaganda ular haqida öylaşimiz kerak emasmi?»
Kassenovaning sözlariga köra, harbiylar bu savolni noörin deb qabul qilgan. Sinovdan oldin yaqin atrofdagi aholi köçirilgan, biroq bu jarayon ham muammosiz keçmagan. Odamlarga qayerga va qança muddatga ketişlari haqida yetarli tuşuntiriş berilmagan. Bir neça haftadan keyin uylariga qaytgan ayrim aholi vakillari ifloslangan quduqlar va nobud bölgan çorvaga duç kelgan.
Dastlabki sinovlar asosan atmosfera va yer yuzasida ötkazildi. Ayrim bombalar maxsus minoralarda portlatilgan, boşqalari samolyotlardan taşlangan. Bunday tajribalarda radioaktiv moddalar atmosferaga kötarilib, şamol yordamida uzoq masofalarga tarqalgan. Bu jarayonning xavfli tomoni şundaki, radioaktiv bulutlar faqat poligon hududida qolmagan. Ular atrofdagi qişloqlar, yaylovlar va boşqa aholi yaşaydigan joylar ustidan ötgan.
Jahon soğliqni saqlaş taşkilotiga qaraşli Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi (IARC) ma’lumotlariga köra, 1949–1962 yillarda Semipalatinsk poligonida atmosfera va yer ustida 118 ta sinov ötkazilgan.
Uşbu portlaşlarning ayrimlari natijasida hosil bölgan radioaktiv bulutlar sobiq Semipalatinsk viloyatidagi aholi punktlariga yetib borgan. Odamlar radioaktiv moddalar ta’siriga bir neça yöl bilan uçragan: ifloslangan havodan nafas oliş, radioaktiv zarraçalar tuşgan oziq-ovqatni iste’mol qiliş va tuproqdan tarqalgan nurlaniş ta’sirida qoliş.
1963 yilda AQŞ, Sovet Ittifoqi va Buyuk Britaniya atmosfera, kosmos va suv ostida yadro sinovlarini taqiqlaş töğrisidagi şartnomani imzoladi. Biroq bu poligon faoliyatini töxtatmadi. Şundan keyin Semipalatinskdagi sinovlar asosan yer ostiga köçirildi.
1964 yildan boşlab yer ostidagi maxsus quduqlar va tunnellarda yadro portlaşlari amalga oşirildi. Bunday usul radioaktiv moddalarni taşqi muhitga çiqarmaslik uçun qöllangan. Ammo barça sinovlarda bu maqsadga töliq erişilmagan. Ayrim portlaşlarda radioaktiv gazlar va moddalar yer yuzasiga çiqib ketgan.
Semipalatinsk poligonidagi eng noodatiy tajribalardan biri 1965 yil 15 yanvarda ötkazildi. Bu safar sovet olimlari atom portlaşidan harbiy maqsadda emas, balki yer qaziş va suv havzasi yaratişda foydalanişga urinişdi. Loyiha «Çagan» deb nomlangan. Uning doirasida Şagan daryosi özani yaqinida, yer ostida yadro qurilmasi portlatildi. Qurilma 178 metr çuqurlikka joylaştirilgan, portlaş quvvati esa taxminan 140 kilotonna bölgan.
Portlaş natijasida yer yuzasida ulkan krater hosil böldi. AQŞ Geologiya xizmati tadqiqotida uning diametri 415 metr, çuqurligi esa 100 metr deb körsatilgan. Krater hajmi taxminan 6,4 million kub metrni taşkil qilgan. Olimlar hosil bölgan çuqurlikni suv bilan töldirib, daşt hududida suv ombori yaratişni rejalaştirişgan.
Portlaş natijasida kötarilgan tuproq va jinslar krater atrofida tabiiy töğon vazifasini bajargan. Keyinçalik çuqurlik suv bilan tölgan va Çagan köli paydo bölgan. Uşbu loyiha Sovet Ittifoqining «Tinç maqsadlarda yadroviy portlaşlardan foydalaniş» dasturiga kirgan.
Dastur doirasida kanallar qaziş, yer osti böşliqlarini yaratiş va boşqa muhandislik işlarida yadro energiyasidan foydalaniş imkoniyatlari örganilgan. Ammo bunday portlaşlarning ekologik oqibatlari jiddiy edi. Çagan tajribasida ham radioaktiv moddalar atrof-muhitga tarqaldi. Kölni oddiy suv havzasi sifatida xavfsiz deb hisoblaş mumkin emasdi.
Radiatsiyaning uzoq yillik oqibatlari
Semipalatinskdagi yadro sinovlari oqibatlari faqat portlaş vaqtida halok bölgan hayvonlar yoki vayron bölgan inşootlar bilan çeklanmagan. Eng katta zarar köp yillar davomida radiatsiya ta’sirida yaşagan odamlarga yetgan.
Poligon atrofidagi ayrim qişloqlarda aholi sinovlar haqida oldindan ogohlantirilmagan. Ba’zi hollarda odamlar portlaşlarni uylaridan turib kuzatgan. Radioaktiv bulutlar hudud ustidan ötganda esa ular xavf darajasini bilmagan.
Toğjan Kassenova AQŞdagi xalqaro siyosat va xavfsizlik masalalarini örganuvçi Carnegie Endowment tadqiqot markazi uçun yozgan maqolasida Semipalatinsk poligoni yaqinida yaşagan aholining soğliği bilan boğliq muammolar haqida ma’lumot beradi. Uning yozişiça, ayrim ayollarning homilasi tuşgan, homiladorlik oğir keçgan va çaqaloqlar ölik tuğilgan. Ayrim bolalar tuğma nuqsonlar bilan dunyoga kelgan.
Şuningdek, aholi orasida saraton va boşqa kasalliklar bilan boğliq muammolar kuzatilgan. Mahalliy şifokorlar va rahbarlar bu holatlar haqida markaziy hukumatga xabar berişga uringan. Biroq ularning murojaatlari köpinça natija bermagan. Harbiy idoralar esa yadro sinovlari aholining soğliğiga zarar yetkazganini tan olişga şoşilmagan.
Yadro sinovlarining inson salomatligiga uzoq muddatli ta’sirini örganiş işlari bugun ham davom etmoqda. Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi (IARC) va Qozoğiston olimlari Semipalatinsk poligoni atrofida yaşagan aholining radiatsiya ta’siriga uçraganlik darajasi va salomatligiga yetgan oqibatlarni örganiş böyiça yangi tadqiqotlar olib bormoqda.
SEMI-NUC tadqiqoti doirasida avvalgi yillarda töplangan ma’lumotlar asosida ikki guruh şakllantirilgan. Birinçi guruhga poligon ta’siriga uçragan 10 ta aholi punkti va nisbatan xavfsiz deb hisoblangan 6 ta nazorat hududida yaşagan jami 19 454 kişi kiritilgan. Ikkinçi guruh esa 14 ta ta’sirlangan va 6 ta nazorat qişloğidagi 18 204 kişini qamrab olgan.
Uşbu ma’lumotlar orqali aholining olgan radiatsiya miqdori va soğliği örtasidagi boğliqlikni örganiş, xususan, saraton va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini baholaş közda tutilgan. Bunda har bir hududdagi radiatsiya darajasi va boşqa omillar ham hisobga olinadi. Qozoğistonning rasmiy ma’lumotlariga köra, Semipalatinsk poligonidagi sinovlar oqibatida 1,3 milliondan ortiq kişi radioaktiv nurlaniş ta’siriga uçragan.
Poligonning yopilişi va qolgan meros
1980 yillarning oxiriga kelib Sovet Ittifoqida siyosiy vaziyat özgara boşladi. Mixail Gorbaçyov boşlagan qayta quriş va oşkoralik siyosati natijasida ilgari oçiq muhokama qiliş taqiqlangan masalalar ham jamoatçilikka çiqa boşladi.
Semipalatinskdagi yadro sinovlariga qarşi norozilik ham aynan şu davrda kuçaydi. 1989 yil 28 fevralda qozoq şoiri va jamoat arbobi Öljas Sulaymonov taşabbusi bilan «Nevada–Semipalatinsk» xalqaro aksilyadro harakati taşkil etildi.
Harakat nomidagi «Nevada» AQŞdagi yadro sinovlari ötkazilgan poligonni anglatardi. Uning maqsadi faqat Qozoğistondagi sinovlarni töxtatiş emas, balki dunyo böylab yadro qurollari sinovlariga barham beriş edi. Harakatning bosimi tobora kuçayib bordi.
Qozoğistonning turli şaharlarida namoyişlar va mitinglar ötkazildi. Aholi yadro sinovlarini töxtatiş va poligonni yopişni talab qildi. Noroziliklar faqat Qozoğiston bilan çeklanib qolmadi, harakat xalqaro miqyosda ham qöllab-quvvatlandi.
Şunga qaramay, sinovlar darhol töxtatilmadi. 1989 yil 19 oktyabr kuni Semipalatinsk poligonining Balapan hududida yana bir yer osti yadro portlaşi amalga oşirildi. Bu poligondagi sönggi yadro sinovi böldi.
Portlaş uçun uçta yadro qurilmasidan foydalanilgan, ularning umumiy quvvati taxminan 85 kilotonnani taşkil etgan. Şundan keyin Semipalatinskda boşqa yadro sinovlari ötkazilmadi. Biroq poligonni rasman yopiş uçun yana qariyb ikki yil kerak böldi.
1991 yil 29 avgustda Qozoğiston SSR prezidenti Nursulton Nazarboyev Semipalatinsk yadro poligonini yopiş töğrisidagi farmonni imzoladi. Bu qaror Sovet Ittifoqi hali rasman parçalanmagan davrda qabul qilindi. Poligonning yopilişi «Nevada–Semipalatinsk» harakati va Qozoğiston jamoatçiligining uzoq davom etgan talablari natijasi edi. Keyinçalik 29 avgust Birlaşgan Millatlar Taşkiloti tomonidan Xalqaro yadro sinovlariga qarşi kuraş kuni sifatida belgilandi.
Poligon yopilgan bölsa-da, uning hududida qolgan harbiy infratuzilma, yer osti tunnellari va yadroviy materiallar xavfsizligini ta’minlaş zarur edi. Qozoğiston mustaqillikka erişganidan keyin bu işlarni xalqaro hamkorlar, jumladan, AQŞ bilan birgalikda amalga oşirdi.
1990 yillarda poligonning bir qator xavfli ob’ektlari zararsizlantirildi. AQŞ va Qozoğiston hamkorligida yer osti sinovlariga xizmat qilgan infratuzilmalarni yopiş işlari olib borildi. Şu bilan birga, Qozoğiston sobiq Sovet Ittifoqidan qolgan yirik yadro arsenalidan ham voz keçdi. Mamlakat hududida 1 000 dan ortiq yadroviy kallakka ega qit’alararo raketalar mavjud edi. Ular keyinçalik Rossiyaga olib çiqildi va yöq qilindi.
Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi va yadro qurollari xavfini kamaytiriş bilan şuğullanuvçi Nuclear Threat Initiative (NTI) xalqaro taşkiloti ma’lumotlariga köra, Semipalatinsk poligonida 1949–1989 yillar oraliğida 456 ta yadro sinovi ötkazilgan. Şundan 116 tasi atmosfera va yer yuzasida, 340 tasi yer ostida amalga oşirilgan.
Bugungi kunda sobiq poligonning maydoni taxminan 18 500 kvadrat kilometrni taşkil etadi. Uning ayrim hududlarida radioaktiv ifloslaniş saqlanib qolgan va şu bois poligonning ayrim qismlaridan hozir ham foydalanib bölmaydi.
Semipalatinsk poligoni tarixi Sovuq uruş davridagi yadro qurollaniş poygasining insoniyat uçun qanday bedavo oqibatlarga olib kelişi mumkinligini körsatadigan eng aççiq misollardan biridir.
Bir tomonda AQŞ bilan harbiy kuç borasida tenglaşişga intilgan Sovet Ittifoqi, ikkinçi tomonda esa bu siyosiy va harbiy raqobatning asl narxini öz salomatligi, hayoti va kelajak avlodlari taqdiri bilan tölagan oddiy odamlar turadi.
Sovet Ittifoqi parçalandi, yadro sinovlari töxtatildi, Semipalatinsk poligoni yopildi. Ammo önlab yillar davomida amalga oşirilgan tajribalarning oqibatlari bir farmon bilan yöqolmadi. Radiatsiya bilan ifloslangan hududlar, salomatligiga zarar yetgan insonlar va avlodlar davomida örganilişi kerak bölgan tibbiy muammolar bu tarixning bir qismi bölib qoldi.
Semipalatinsk bugun şunçaki sobiq harbiy poligon emas. U davlatlarning qudrat va ustunlik uçun olib borgan kuraşi ortida inson hayoti, tabiat va kelajak avlodlar taqdiri turganini eslatib turadigan tarixiy saboqdir. Zero, yadro quroliga ega böliş davlatning harbiy salohiyatini oşirişi mumkin, ammo uning sinovlari oqibatida yetkazilgan zararni heç qanday siyosiy ğalaba oqlay olmaydi.
Mavzuga oid yangiliklar

Uç buyuk davlat rahbari Xitoyda uçraşadi
Jahon
14.11.2026, 10:05

Kosmosga yuborilgan ilk hayvonlar
Madaniy
09.11.2026, 11:50

Ikkinchi jahon urushida Germaniya nega yengildi?
Madaniy
16.10.2026, 15:13

Ikkinchi jahon urushidagi yo'qotishlar
Jahon
22.06.2026, 15:18
Mashhur yangiliklar

Xitoy futbolining qulaşi
Sport
04.11.2026, 14:44

Tailand özbekistonliklar uçun vizasiz rejimni qaytaradimi?
Oʻzbekiston
28.10.2026, 12:16

Hindistonda yigit AI yordamida özini öğirlatdi
Jahon
02.11.2026, 11:04

Xitoyda yetim yigitning töyiga minglab notaniş odamlar keldi
Jahon
31.10.2026, 12:13

Qirğizistonda viloyat va tumanlar tugatilişi mumkin
Jahon
28.10.2026, 11:58

Qozoğistonda yoqilğini eksport qiliş taqiqi uzaytirildi
Iqtisodiyot
06.11.2026, 14:48
So'nggi yangiliklar

Adolatli sudlov huquqi amalda qanday ta’minlanmoqda?
Oʻzbekiston
25.11.2026, 16:56

Özbekistonda Koksaki virusi bilan boğliq vaziyat qanday?
Oʻzbekiston
25.11.2026, 16:32

Taysonda şizofreniya aniqlandi
Sport
25.11.2026, 11:52

Özbekistonda göşt importi: eng köp göşt qaysi davlatdan keladi?
Oʻzbekiston
25.11.2026, 10:41

Imtihonda firibgarlik qilganlar 10 yilgaça test topşiriş huquqidan mahrum etiladi
Ta'lim
25.11.2026, 10:19

Sindarov jahon çempioni bilan durang öynadi
Sport
25.11.2026, 09:40

Özbekiston Prezidenti Iordaniyada
Siyosat
24.11.2026, 16:32

Malayziya roxinja qoçqinlarini Myanmaga qaytaradimi?
Jahon
24.11.2026, 15:58

Tojikiston Xalqaro jinoyat sudidan çiqmoqda
Siyosat
24.11.2026, 15:41

Jensen Xuang Nvidia rahbari lavozimiga qaytdi: aksiyalar 31 foizdan oşdi
Jahon
24.11.2026, 12:53

Ipoteka subsidiyasiga ariza qabul qilish 25-noyabrda boşlanadi
Oʻzbekiston
24.11.2026, 10:42

Loy taxtaçalardan zamonaviy BNPL tizimigaça: nasiyaning 4 ming yillik tarixi
Fan-texnologiya
24.11.2026, 09:35

Yangi alifbo amaldagi banknot va tangalarni almaştirişni talab qilmaydi
Iqtisodiyot
23.11.2026, 16:08

«Ğiştköprik» çegara-bojxona posti 25 noyabr kuni oçiladi
Oʻzbekiston
23.11.2026, 15:04

Özbekistonlik boksçi Sayat Ilyosov Qozoğiston fuqaroligini oldi
Sport
23.11.2026, 10:38

Javohir Sindarov jahon çempionligi bahsining ilk partiyasini oq donalarda boşlaydi
Sport
23.11.2026, 09:35

San Siro: bir asrlik tarix va Milan futbolining yangi uyi
Sport
20.11.2026, 16:11

Toşkent metrosida tirbandlikni kamaytiriş uçun nima özgaradi?
Oʻzbekiston
20.11.2026, 14:41

Tramp bilan mojaroga qaramay, Anthropic aktsiyalari 34 foizga oşdi
Iqtisodiyot
20.11.2026, 10:51
Mashhur yangiliklar

Xitoy futbolining qulaşi
Sport
04.11.2026, 14:44

Tailand özbekistonliklar uçun vizasiz rejimni qaytaradimi?
Oʻzbekiston
28.10.2026, 12:16

Hindistonda yigit AI yordamida özini öğirlatdi
Jahon
02.11.2026, 11:04

Xitoyda yetim yigitning töyiga minglab notaniş odamlar keldi
Jahon
31.10.2026, 12:13

Qirğizistonda viloyat va tumanlar tugatilişi mumkin
Jahon
28.10.2026, 11:58

Qozoğistonda yoqilğini eksport qiliş taqiqi uzaytirildi
Iqtisodiyot
06.11.2026, 14:48
