Marhum shoir Aʼzam Oʻktam tavalludining 65 yilligi nishonlandi

Fargʻona viloyatidagi Qoʻqon universitetida “Globallashuv sharoitida ona tili va adabiyotning ijtimoiy ahamiyati va uni saqlash tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida zamonaviy oʻzbek adabiyotining isteʼdodli vakili, marhum Aʼzam Oʻktam tavalludining 65 yilligi ham keng nishonlandi. 

Ulashish:

Sharq tafakkuri gulshani donishmandlaridan biri “Inson umri qancha yashagani bilan emas, balki qilgan savobli ishlari bilan oʻlchanadi”, degan edi. Bu hikmat xuddi Aʼzam Oʻktamga oʻxshab yonib yashagan, savobli amallari bilan xalq koʻnglidan joy olgan insonlarga berilgan bahodek tuyuladi.

Aʼzam Oʻktam bu dunyoda koʻp emas, 42 yil yashadi. Binobarin, shoirdan ibratli faoliyat, yaxshi ijodiy meros qoldi. Uning tabiatiga xos toʻgʻrilik, qatʼiyat, hazilga moyillik, hozirjavoblik sheʼrlariga ham koʻchgan.

Adib ijodini eʼtirof etarkan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf shunday degan edi:

“Kamina xodimingizni ham sheʼr va shoirlar, umuman sheʼrxonlik masalasi oʻylantirib keladi. Bu oʻy, mulohazalarni yuzaga chiqarish, koʻpchilik bilan baham koʻrish istagi muhtaram shoirimiz Aʼzam Oʻktamning “Taraddud” nomli kitobini oʻqiganimdan keyin qatʼiylashdi… Shu asarni oʻqib, koʻpdan oʻylab, izlab yurganim sheʼriyatga duch kelganday boʻldim…”

Qayd etish joiz, oʻzbekning tanti shoiriAʼzam Oʻktam tirikligida oʻziga haykal qoʻygan insonlardan edi. Uning odamoxunligi, oliyjanob fazilatlari, xayrli ishlari haqidagi xotiralar unutilgan emas, unutilmaydi ham. Zero, joʻshqin, diltortar, samimiy tuygʻularga yoʻgʻrilgan bu misralar necha-necha avlodning yuragida aks-sado berib, mayoq singari ularni kelajak sari yetaklaydi.

Odamzod umr yoʻllarida qanchalik koʻp qoqilsa, hayotning past-balandini shunchalik chuqur oʻrganadi, deyishadi. Shoirning boshiga gʻam buluti soya tashlaganda ezildi, bukildi, ammo aslo sinmadi. Qiyinchiliklarni mardonavor yengdi. Shunday kezlarda koʻngli nolasi sheʼr boʻlib oqqa enardi. Qalbidagi armon vulqon otashi yangligʻ portlardi. Ijod pillapoyasida u “Kuzda kulgan chechaklar”, “Kuzatish”, “Ziyorat”, “Taraddud”, “Ikki dunyo saodati”, “Qirqinchi bahor” nomli sheʼriy toʻplamlari, “Bola dunyoni tebratar” va “Xabar” nasriy asarlarini yaratdi. Rabindranat Tagor va Nikolay Rubsovning turkum sheʼrlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Bu qalamdan toʻkilgan satrlar ona yurtga, elga muhabbat izhori sifatida yangradi:

Togʻlar someʼ boʻlib oʻtirishar jim,

Takbir aytgan chogʻi guldurab samo.

U yangligʻ munojot qila olur kim,

Yomgʻir bu pichirlab qilingan duo.

Vodiy havosidan ilhomlanib yozilgan sheʼrlarda elimizning oʻziga xos urf-odati, yashash tarzi mehr bilan talqin etiladi. Ayniqsa, “Dalil”, “Yoʻl”, “Joʻnatilmaydigan xat”, “Iqror” sheʼrlari oʻquvchi qalbini larzaga soladigan chuqur maʼno va tuygʻuga boy. Muallif inson ichki kechinmasi, muhabbat, iymon mavzularini nazmda jonli, taʼsirchan ifodalagan.

Yaqinda Fargʻona viloyati Buvayda tumanidagi 9-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida marhum shoir Aʼzam Oʻktam tavalludining 65 yilligi munosabati bilan madaniy tadbir tashkil etildi.

Anjumanda ijodkorlar, mustaqil tadqiqotchilar, adabiyot ixlosmandlari, tuman hokimligi vakillari, shuningdek Turkiya, Hindiston, Shvetsiya va Qozogʻistondan kelgan ilmiy doira vakillari hamda oʻquvchilar ishtirok etdi.

Yigʻin avvalida shoirning insonparvarlik, milliy qadriyatlar, Vatanga muhabbat tarannum etilgan ijodiy merosi alohida taʼkidlandi, eng sara sheʼrlari faol oʻquvchilar tomonidan oʻqib eshittirildi.

– Aʼzam Oʻktam sheʼrlarida nafaqat goʻzal obraz, balki chuqur falsafa, milliy gʻurur va insonparvarlik hissi mujassam, - deydi Turkiyaning Neyde universiteti professori, filologiya fanlari doktori Mustafo Qoʻrqmas OʻzA muxbiriga bergan intervyusida. – Uning oʻtkir qalami bilan yozilgan har bir misra oʻzbek xalqining dardi, orzusi va yurak soʻzi kabi yangraydi. Men bu hassos adib ijodi boʻyicha 870 sahifali ilmiy ish yozganman. Aʼzam Oʻktam shunchaki shoir emas, oʻzbek milliy ruhiyatining kuychisi.

Uchrashuv davomida shoir tahsil olgan ushbu maktabda “Aʼzam Oʻktam ijodi” nomli sinf xonasi tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti dotsenti, taniqli xonanda Aziz Rajabiy tomonidan ijro etilgan taronalar davraga oʻzgacha fayz bagʻishladi.

– Aʼzam Oʻktam ijodida sharq anʼanalari va zamonaviy adabiy qarashlar mohirlik bilan uygʻunlashtirilgan, – dedi Hindistonning Javoharlaʼl Neru universiteti Fors va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari, professor Ahmad Axloq Ahan. – Ayniqsa, soʻzga ehtirom, ramziy tafakkur va lirik tuygʻu samimiyligi alohida oʻrin tutadi. Men adibning bir necha sheʼrini hind va urdu tillariga tarjima qilganman. Fikrimcha, bu ijod hali koʻp tadqiq qilinishi, xalqaro adabiy maydonda kengroq tanilishi zarur.

Darhaqiqat, Aʼzam Oʻktamning serqirra ijodi bugun ham qalblarga ziyo bagʻishlab kelmoqda. Sheʼrlari nafaqat yurtimiz, balki jahonning turli mintaqalaridagi ilmiy doira vakillari tomonidan eʼtirof etilayotgani esa juda quvonarli. Uning satrlaridan estetik zavq bilan birga milliy ruh, insoniylik, qadriyat ufurib turadi.

Zotan, shoir ijodidagi ruhiy teranlik va soʻz madaniyati bu asarlarni zamonaviy oʻzbek adabiyoti durdona namunalariga aylantirgan, desak mubolagʻa boʻlmas. Umuman, Aʼzam Oʻktam sheʼriyati millat qalbidan chiqqan sas sifatida yashab kelayotgan adabiy xazinadir.

Oʻtkir Mirzo,

OʻzA

So‘nggi yangiliklar

Toshkentda Germaniya tibbiyot akademiyasi ochildi

Kecha poytaxtdagi Abu Ali ibn Sino nomidagi 1-son Respublika jamoat salomatligi texnikumi bazasida Germaniya tibbiyot akademiyasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston

21.10.2025, 20:42

Soliq qarzi eng yuqori boʻlgan korxonalar aniqlandi

2025 yil 15 oktabr holatiga koʻra, mamlakat boʻyicha 173 mingdan ortiq tashkilotning 747 mingga yaqin xodimi mol-mulk va yer soligʻi boʻyicha jami 831,5 milliard soʻmlik qarzdorlikka ega.

Iqtisodiyot

21.10.2025, 19:43

Janubiy Xitoy dengizi ustida Xitoy va Avstraliya oʻrtasida tanglik yuzaga keldi

Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli Parasel orollari yaqinida Xitoy va Avstraliya harbiy-havo kuchlari oʻrtasida navbatdagi ziddiyatli holat kuzatildi.

Oʻzbekiston

21.10.2025, 18:43

Toshkentda yangi tibbiyot klasteriga 150 million dollar sarflanadi

Toshkent shahrida Koreya Eksimbanki bilan hamkorlikda zamonaviy “tibbiyot klasteri” tashkil etiladi.

Oʻzbekiston

21.10.2025, 17:41

Oʻzbekiston va Ozarboyjon harbiy sohadagi hamkorlikni kuchaytiradi

Samarqand shahrida Oʻzbekiston mudofaa vaziri, general-leytenant Shuhrat Xalmuhamedov va Ozarboyjon mudofaa vaziri, general-polkovnik Zakir Hasanov oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston

21.10.2025, 16:40

Urgutda oʻquvchi qizlar janjali ortidan 12 ota-ona jarimaga tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh maktab oʻquvchi qizlari bir-birining sochidan yulib, janjallashayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat Urgut tumanida kuzatilgani maʼlum boʻldi.

Oʻzbekiston

21.10.2025, 15:42

«Qassom brigadasi» Gʻazoda yana bir isroillik asirning jasadini Qizil Xochga topshirdi

Gʻazoda HAMASning harbiy qanoti — Izzaddin al-Qassom brigadasi 19 oktabr kuni otashkesim va asirlar almashinuvi doirasida Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasiga yana bir isroillik asirning jasadini topshirdi. Hujjatga koʻra, jasad vayrona ostida topilgan.

Jahon

21.10.2025, 14:41

Yangi Toshkent xalqaro aeroportiga metro yoʻli quriladi

Shavkat Mirziyoyev 15 oktabr kuni «Oʻzbekiston 24» telekanalining «Menimcha» koʻrsatuvida Yangi Toshkent xalqaro aeroportiga metro yoʻli qurilishi rejalashtirilganini maʼlum qilgan.

Oʻzbekiston

21.10.2025, 13:39

“IT-Park” loyihasining ikkinchi bosqichiga start berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 oktabr kuni poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan IT-parkga tashrif buyurib, loyihaning ikkinchi bosqichiga tamal toshi qoʻyish marosimida ishtirok etdi. Ushbu hududda jami 6 ta bino – Sunʼiy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 2 ta 20 qavatli ofis binosi, shuningdek servis va savdo markazlari quriladi.

Oʻzbekiston

21.10.2025, 13:12

Samarqandga kirish 15 kunga yopiladi

YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi oʻtkazilishi munosabati bilan 30 oktabrdan 14 noyabrga qadar Samarqandga kirish yoʻllari yopiladi. 

Oʻzbekiston

21.10.2025, 12:42

Xitoyga gaz yetkazib beruvchi davlatlar orasida Oʻzbekiston nechanchi oʻrinda?

Xitoy bojxona boshqarmasi 2025 yilning yanvar-sentabr oylari mamlakat import qilingan gaz miqdori haqida maʼlumot berdi. 

Iqtisodiyot

21.10.2025, 11:40