Xitoy futbolining qulaşi

Bundan 10 yillar oldin dunyoning eng maşhur futbolçilarini öz safiga çorlagan Xitoy futboli qanday qilib moliyaviy inqirozga yuz tutdi?

Sport

26.10.2026, 10:24

Ulashish:

Xitoy futbolining qulaşi

  Osiyoning ikki karra çempioni “Guangjou Evergrand” nega professional futbol sahnasidan çiqib ketdi? Bu qulaş ortida şunçaki pul tugaşi emas, balki notöğri qurilgan butun bir tizim turibdi.

Xitoy futbolining oltin davri

2010-yillarning boşlarida Xitoy futboli dunyo futbol bozorining yangi markaziga aylanişga urinayotgan edi. Mamlakat iqtisodiyoti jadal rivojlanar, yirik kompaniyalar katta daromad qilayotgan, hukumat esa Xitoyni nafaqat iqtisodiy, balki sport jihatidan ham global kuçga aylantirişni istayotgan edi. Futbol bu maqsadning muhim qismiga aylandi. Xitoy klublari ilgari Yevropaning yetakçi çempionatlarida köriladigan mablağlarni transferlarga sarflay boşladi. Braziliyalik Oskar "Çelsi"dan "Şanghai SIPG"ga, Karlos Teves "Boka Xuniors"dan "Şanghai Şenhua"ga ötdi. Xalk, Ezekiel Lavessi, Xaver Maskerano va boşqa taniqli futbolçilar ham Xitoyda töp surdi. 

Bu oddiy transferlar oqimi emasdi. Xitoy futbol orqali mamlakatning xalqaro obrösini oşiriş, içki çempionatni kuçaytiriş va kelajakda Jahon çempionatiga mezbonlik qiliş hamda uni yutiş darajasiga çiqişni közlagan edi. 2016-yilga kelib, Xitoy Superligasi jahon futbolidagi eng köp muhokama qilinadigan çempionatlardan biriga aylandi. 2017-yilda Xitoy klublari transferlar uçun rekord darajadagi mablağ sarfladi. Yevropa futbolida özini namoyon qilgan futbolçilar uçun Xitoy juda jozibali manzilga aylandi. Bu ösiş haqiqiy futbol iqtisodiyotiga tayanarmidi yoki yirik kompaniyalarning çeksizdek köringan mablağlariga?
“Guangjou Evergrand” Xitoy futboli orzusining ramzi
Xitoy futbolining yuksalişi va keyingi qulaşini tuşuniş uçun “Guangjou Evergrand” tarixiga alohida töxtaliş kerak. 2010-yilda klubni köçmas mulk sohasida faoliyat yurituvçi Çina Evergrande Group sotib oldi. Kompaniya rahbari Hui Ka-yan katta mablağ sarflab, Xitoyda tengsiz jamoa yaratişni maqsad qildi. Klubning natijalari tez orada bu investitsiyalar samara berayotganini körsatdi. “Guangjou Evergrand” 2011–2019-yillar oraliğida sakkiz marta Xitoy çempionligini qölga kiritdi. 2013 va 2015-yillarda Osiyo Çempionlar ligasida ğalaba qozondi. Uşbu yillar içida jamoani jahon çempionligini qölga kiritgan murabbiylar — italiyalik Marcello Lippi va braziliyalik Luiz Felipe Scolari, hamda ayni vaqtdagi Özbekiston milliy terma jamoasi boş murabbiyi Fabio Kannavaro boşqardi. Şunday qilib “Guangjou Evergrand” qisqa vaqt içida Osiyoning eng kuçli klublaridan biriga aylandi, klublar örtasidagi jahon çempionatida ham qatnaşdi va "Real Madrid" bilan yoşlar akademiyasi böyiça hamkorlikni yölga qöydi. Bularning barçasi Xitoy futboli töğri yöldan ketayotgandek taassurot uyğotardi. 

Ammo klubning iqtisodiy modeli xavfli jihatga ega edi: jamoaning xarajatlari va ambitsiyalari uni moliyalaştirayotgan kompaniyaning imkoniyatlariga juda qattiq boğliq edi. “Guangjou Evergrand” mustaqil daromadlari, barqaror tijoriy faoliyati va futbolçilar tayyorlaş tizimi bilan emas, asosan katta moliyaviy kömak orqali kuçli bölib turgan edi. Kompaniya muammoga duç kelişi bilan klubning ham poydevori zaiflaşdi.

Birinçi katta zarba: Xitoyning köçmas mulk bozori inqirozi

“Guangjou Evergrand” qulaşining eng muhim sabablaridan biri futbol maydonidan taşqarida — Xitoy iqtisodiyotining köçmas mulk sektorida yuz berdi. Çina Evergrande Group yillar davomida yirik quriliş loyihalarini amalga oşirib, keng kölamda qarz oldi. Kompaniya köçmas mulk bozorining uzluksiz ösişiga tayanib, yangi loyihalarni moliyalaştirişda davom etdi. Ammo bu model çeksiz işlay olmadi. 2020-yildan boşlab Xitoyda köçmas mulk kompaniyalariga nisbatan moliyaviy talablar kuçaydi. Uy-joy bozoridagi ösiş sekinlaşdi, qarzlarni qaytariş va yangi loyihalarni moliyalaştiriş tobora qiyinlaşdi. Oqibatda esa Evergrande 2021-yilda qarz majburiyatlarini bajara olmay qolgan kompaniyalardan biriga aylandi. Uning majburiyatlari 300 milliard dollardan oşgani haqida xalqaro matbuotda xabarlar tarqaldi. Bunday moliyaviy inqiroz şaroitida kompaniyaning “Guangjou Evergrand”ga avvalgi miqdorda mablağ ajratişi qiyinlaşlaşdi. Futbolçilarning maoşlari, transfer xarajatlari, murabbiylar ştabi va infratuzilmani saqlaş uçun zarur mablağlar bilan boğliq muammolar kuçaydi.

 Kompaniyaning moliyaviy ahvoli yomonlaşgani sari klubning imkoniyatlari ham qisqardi. Yulduz futbolçilar va murabbiylar ketdi. Jamoa avvalgi raqobatbardoşligini yöqota boşladi. 2022-yil yakunida “Guangjou Evergrand” Xitoy Superligasidan tuşib ketdi. Keyingi mavsumlarda quyi divizionda öynaşiga töğri keldi. Şu bilan birga, eski qarzlar va moliyaviy majburiyatlar muammosi hal etilmadi. 2025-yil 7-yanvarda Xitoy futbol assotsiatsiyasi “Guangjou Evergrand” klubiga yangi professional mavsumda qatnaşiş uçun ruxsat bermadi. Klub qarzlarni bartaraf etiş uçun harakat qilganini, ammo yetarli mablağ topa olmaganini bildirdi.

“Guangjou Evergrand” bilan bir qatorda “Cangzhou Mighty Lions” va “Hunan Xiangtao” ham 2025-yilgi professional musobaqalarga qöyilmadi. Xitoy futbol assotsiatsiyasi ma’lumotiga köra, qarzlar, tölanmagan maoşlar, hal etilmagan nizolar va moliyaviy barqarorlikni tasdiqlaş bilan boğliq talablar asosiy masalalar bölgan.

    Şu tariqa, Osiyo Çempionlar ligasida ikki marta ğolib çiqqan, sakkiz karra Xitoy çempioni bölgan klub professional futbolda qatnaşiş huquqidan ayrildi.
Qisqa şon-şuhratga uçişning oqibati
“Guangjou Evergrand” misoli butun Xitoy futboliga xos muammoni oçib berdi. Klublar juda katta mablağ sarfladi, ammo bu xarajatlar har doim ham uzoq muddatli rivojlaniş bilan uyğunlaşmadi. Xitoy hukumati va futbol rahbarlari mahalliy futbolni rivojlantirişni, terma jamoani kuçaytirişni va xalqaro darajaga çiqişni maqsad qilgan edi. Ammo köplab klublar qisqa muddatli natijalarga erişiş uçun tayyor yulduzlarni sotib olişga ustuvor ahamiyat berdi. Yevropada özini körsatgan maşhur futbolçilarni katta mablağ evaziga Xitoyga olib keliş va çempionlik uçun kuraşiş mumkin edi. Bunday yöl klublarga qisqa muddatda natija keltirişi mumkin. 

Ammo çempionlik uçun yulduz futbolçilarni sotib oliş bilan öz futbolçilaringni yetiştiriş — ikki xil masala. Kuçli futbol tizimini yaratiş uçun iqtidorli yoşlarni tarbiyalaş, malakali murabbiylar tayyorlaş va sifatli futbol akademiyalarini rivojlantiriş ham zarur. Xitoyda bu yönalişga ham katta mablağ sarflandi. Masalan, “Guangjou Evergrand” zamonaviy infratuzilmaga ega yirik futbol akademiyasini taşkil etdi. Biroq katta sarmoyaning özi xalqaro miqyosda raqobatlaşa oladigan köplab futbolçilar yetişib çiqişini kafolatlamadi. Xitoy futbolining asosiy muammolaridan biri ham şu edi: klublar katta yutuqlarga erişiş uçun köp pul sarfladi, ammo bu mablağlar terma jamoa va mahalliy futbolçilar saviyasini kutilgan darajada oşira olmadi.

Davlat siyosati va maoş çeklovlari

Xitoy futbolidagi katta xarajatlar davlat e’tiboridan çetda qolmadi. 2017-yilda Xitoy futbol rahbarlari klublarning «mantiqsiz xarajatlari»ni çeklaşga kirişdi. Qimmat transferlar uçun qöşimça moliyaviy talablar joriy qilindi. Maqsad klublarning pulni faqat xorijlik futbolçilarga sarflaşi örniga mahalliy futbol rivojiga ham mablağ yönaltiriş edi.
2020-yil dekabrida esa Xitoy futbol assotsiatsiyasi yanada qat’iy moliyaviy çeklovlarni e’lon qildi. Öşa davrdagi qoidalarga köra, Xitoy Superligasida xorijlik futbolçilarning yillik maoşi soliqdan oldin 3 million yevro, mahalliy futbolçilarniki esa 5 million yuan bilan çeklanişi belgilandi. Klublarning umumiy xarajatlariga ham limitlar kiritildi. Bu qoidalar bir tomondan moliyaviy pufakni jilovlaşga qaratilgan edi. Boşqa tomondan, avvalgi davrda taklif etilgan juda katta maoşlar tufayli Xitoyga kelişga qiziqqan yulduzlar uçun çempionatning jozibasi pasaydi.

Pandemiya: inqirozni tezlaştirgan omil

COVID-19 pandemiyasi Xitoy futbolining muammolarini yanada kuçaytirdi. Pandemiya davrida çempionat taqvimi özgardi, öyinlarni taşkil qiliş qiyinlaşdi, ayrim uçraşuvlar tomoşabinlarsiz ötkazildi. Bunday vaziyat klublarning çiptalar, homiylik va boşqa tijoriy manbalardan daromad oliş imkoniyatini qisqartirdi. Ayniqsa, faoliyati homiy kompaniyalar mablağiga boğlangan klublar bundan qattiq zarar kördi. Çunki ularning xarajatlari katta, lekin mustaqil daromad manbalari yetarliça mustahkam emas edi. Xitoy futbolining katta xarajatlar modeli aynan şunday vaziyatlarda özining zaif tomonlarini namoyon qildi: daromadlar kamayganida xarajatlarni qoplaş qiyinlaşdi, homiylar mablaği qisqarganida esa klublar faoliyatini davom ettiriş xavf ostida qoldi.


Xitoy futbolidagi inqiroz “Guangjou Evergrand” bilan çeklanib qolmadi

2020-yilda “Jiangsu Suning” Xitoy Superligasi çempionligini qölga kiritdi. Jamoa mamlakatning eng kuçli klublaridan biri sifatida e’tirof etildi. Ammo çempionlikdan uç oy ötib, 2021-yil fevralida klub faoliyatini töxtatişini e’lon qildi. Bunga asosiy sabab — klub egasi bölgan Suning Group kompaniyasining jiddiy moliyaviy muammolarga duç kelgani va pandemiya davridagi iqtisodiy qiyinçiliklar böldi. Kompaniya klubni saqlab qolişdan voz keçgaç, jamoa tarqatib yuborildi.
“Hebei FC” ham avval katta mablağlar sarflab, Lavessi, Maskerano va Gervinyo kabi futbolçilarni jalb qilgan edi, ammo uşbu klub ham moliyaviy inqirozga yuz tutib faoliyatini töxtatdi.
Bunday holatlar bitta klubning muvaffaqiyatsiz boşqaruvidan köra kengroq muammoni körsatdi. Xitoy professional futbolida köplab klublarning taqdiri ularni moliyalaştirayotgan yirik kompaniyalarning ahvoliga boğlanib qolgan edi. Boş kompaniya muammoga uçrasa, klub ham mablağsiz qolardi. Barqaror daromadga ega bölmagan jamoalar uçun esa bunday zarbadan keyin tiklaniş juda qiyin edi.

Nega Xitoyning öz futbolçilari yetarli darajada rivojlanmadi?

Xitoy futboli böyiça tahlillarda bir neçta muammo qayta-qayta tilga olinadi: quyi bosqiçlarda sifatli futbolçilar yetişmasligi, futbol boşqaruvidagi korrupsiya, sport bilan şuğullanişga tösqinlik qiluvçi kuçli akademik bosim va yoşlar orasida futbolga qiziqişning uzluksiz davom etmasligi.
Xitoyda köplab bolalar yoşligida sport bilan şuğullansa-da, örta maktab davrida öqiş va imtihonlarga tayyorgarlik ustuvorlikka aylanadi. Natijada muntazam futbol öynaş va yuqori saviyaga çiqiş uçun zarur bölgan vaqt qisqadi.

Yana bir muammo — futbolga yondaşuv. Futbol faqat jismoniy tayyorgarlik yoki taktik körsatmalarni bajarişdan iborat emas. Unda mustaqil qaror qabul qiliş, ijodkorlik, öyinni tez anglaş va jamoadoşlar bilan özaro işonç muhim. Yirik akademiya quriş va yuzlab murabbiylarni jalb qiliş mumkin. Ammo bu avtomatik ravişda yuqori saviyali futbolçilar yetişib çiqişini kafolatlamaydi. Buning uçun muntazam raqobat, sifatli murabbiylik, yoşlarning xatolar orqali ösişiga imkon beriş va professional jamoalarga kötariliş yöli zarur. Xitoy futbolidagi muammo aynan yoş futbolçilarni yaxşi tayyorlaş va ulardan kuçli professional futbolçilar yetiştiriş uçun zarur tizimni yarata olmaganida edi.
Korrupsiya va futbol boşqaruvidagi muammolar
2024-yilda Xitoy milliy terma jamoasining sobiq boş murabbiyi Li Tie poraxörlik va öyin natijalarini kelişiş bilan boğliq jinoyatlar uçun 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Futbol boşqaruvidagi boşqa ayrim yuqori lavozimli şaxslar ham korrupsiya böyiça tekşiruvlar va ayblovlarga duç keldi.
 

Futbolni faqat pul bilan sotib olib bölmaydi

Xitoy futbolining inqirozga yuz tutişiga bir neçta omil sabab böldi. Köçmas mulk bozoridagi muammolar klublarni moliyalaştirayotgan kompaniyalarning imkoniyatlarini çekladi. Qimmat transferlar va katta maoşlar esa klublarning xarajatlarini yanada oşirdi. Pandemiya ham vaziyatni oğirlaştirdi. Oqibatda ayrim klublar faoliyatini davom ettira olmadi. “Guangjou Evergrand” bunga yaqqol misol böla oladi. Klub Osiyoda katta yutuqlarga erişdi, qit’aning eng kuçli jamoalaridan biriga aylandi. Ammo moliyaviy muammolar boşlangaç, avvalgi darajasini saqlab qoliş qiyinlaşdi.
Xitoy tajribasi şuni körsatdiki, futbolni rivojlantiriş uçun katta pul sarflaşning özi yetarli emas. Maşhur futbolçilarni olib keliş orqali qisqa vaqt içida sovrinlar yutiş mumkin. Ammo kuçli futbol yaratiş uçun mahalliy yoşlarni tarbiyalaş, yaxşi murabbiylar tayyorlaş va klublarni töğri boşqariş ham zarur.

 

 

ARXIV

SANAGA O'TISH

Barcha arxivni ko'rsatish →

So'nggi yangiliklar

Iman Invest rahbariyati kamomad haqidagi da’volarni rad etdi

Islom moliyasiga muvofiqlashtirish kengashi (IFCB) Iman Invest bilan hamkorlikni to‘xtatib, kompaniyada bir necha million dollarlik kamomad yuzaga kelgani va shariat mezonlariga zid operatsiyalar aniqlanganini bildirdi. Iman Invest rahbariyati esa ayblovlarni rad etib, Mahmud Usmon bilan kelishmovchilik uning oylik to‘lovlarini kamaytirish va kompaniya aksiyalaridan ulush berishni rad etish ortidan boshlanganini da’vo qilmoqda.

Oʻzbekiston

26.10.2026, 11:30

Kredit uchun ochilgan firma: javobgarlik kimning zimmasida?

Kredit olish ilinjida firma ochish yoki ERI kalitini vositachiga ishonib topshirish yillar davom etadigan moliyaviy va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Vositachi pulni olib ketadi, javobgarlik esa sizning zimmangizda qoladi.

Iqtisodiyot

24.10.2026, 19:02

Namanganda V Xalqaro asal festivali oçildi

 Namanganda 35 tonna asal bir joyga jamlandi. “Afsonalar vodiysi” bogʻida V Xalqaro asal festivali oçildi. 

Oʻzbekiston

24.10.2026, 14:32

Saudiya Arabistoni nega Husiylarni yenga olmayapti?

Saudiya Arabistoni o‘n yildan ortiq vaqtdan beri Yamandagi husiylarga qarshi kurashib keladi, biroq amerikancha qurollar va katta harbiy byudjet g‘alabani ta’minlay olmadi. Yaqinda tuzilgan Makka bitimi urush taqdirini o‘zgartira oladimi? 

Siyosat

24.10.2026, 11:06

Rasm SIda yaratilgan

Nasiya qulay xaridmi yoki ortiqcha qarz?

Nasiya savdosi Özbekistonda tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Biroq mahsulotni oyma-oy tölaş har doim ham arzon yoki foydali tanlov degani emas. 

Iqtisodiyot

24.10.2026, 10:08

XI Yevropa kinofestivali: Toşkent va Urgançda 11 ta film namoyiş etiladi

Yevropaning 10 davlatida suratga olingan filmlar Toşkent va Urgançda tomoşabinlarga taqdim etiladi. Festival dasturida animatsiyadan tortib, psixologik dramalargaça bölgan turli janrdagi kartinalar bor.

Madaniy

23.10.2026, 18:12

AQŞ Yevropadan voz keçişi mumkin – Tramp

AQŞ prezidenti Donald Tramp Vaşington Yevropadan yuz ögirişi mumkinligini yana bir bor ta’kidladi. Biroq uşbu qaror amalda qanday qadamlarni anglatişini aniq tuşuntirmadi.

Siyosat

23.10.2026, 11:30

Zelenskiy: Kiyev sulhga tayyor

Ukraina, Rossiya va AQSh vakillari muzokara guruhlari darajasida uçraşişi mumkin. Uçraşuv sanasi hozirça aniq emas. Ukraina öt oçişni töxtatiş, energetika sohasidagi sulh va gumanitar taşabbuslarni qöllab-quvvatlaşga tayyor.

Siyosat

22.10.2026, 17:53

Kaspiydagi fojiadan söng Qozoğiston armiyasida katta özgarış

Qozoğistonda harbiy islohot doirasida muddatli harbiy xizmatni ikki bosqiçda taşkil etiş va uçuvisiz tizimlar qöşinlarini şakllantiriş rejalaştirilmoqda. Endi harbiy xizmatçilar xavfsizligini ta’minlaş va ularning huquqlarini himoya qiliş çoralari kuçaytiriladi.

Jahon

22.10.2026, 11:12

Netanyahu Fransiyani “ekstremistik islom bosqini”ga uchraganlikda aybladi

Fransiyadagi voqealar musulmonlar va immigratsiyaga qarshi siyosiy ritorikani yana kun tartibiga olib chiqdi. Tramp Makronni chegaralarni yopishga chaqirgan bo‘lsa, Netanyahu Fransiyani keskin tanqid qildi.

Jahon

21.10.2026, 17:26

AQSh bilan 12 milliard dollarlik kelishuv: O‘zbekiston nimaga erishadi?

Samarqanddagi muzokaralarda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida 12 milliard dollarlik kelishuvlar tuzildi. Ammo bu kelishuvlarning qanchasi amalda bajarilishi hozircha noma’lum.

Iqtisodiyot

21.10.2026, 16:03

O‘zbek alifbosidagi toʻrt harf oʻzgardi

Prezident Shavkat Mirziyoyev lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Amaldagi hujjatlar, darsliklar va boshqa materiallarni birdaniga almashtirish talab etilmaydi.

Ta'lim

21.10.2026, 14:48

Qozog‘istonda Navai’ga nisbatan jinoyat ishi tugatildi: u qanday jazo oldi?

Qozog‘istonda rossiyalik reper Navai (Navai Bakirov)ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tugatildi. Jambil viloyati politsiya departamenti ma’lumotiga ko‘ra, ijrochi mamlakat hududidan chiqarib yuborilgan.

Madaniy

21.10.2026, 14:21

Sudan va Janubiy Sudanda dron hujumi: 153 kishi halok bo'ldi

Abyei mintaqasidagi bozor yaqinida yoqilg'i omboriga dron zarbasi berilib, yong'in kelib chiqqan. BMT hujumlarni qoraladi.

Jahon

21.10.2026, 12:12

Rossiyadan 32 nafar O‘zbekiston fuqarosi chiqarib yuborildi

Nima sababdan ular Novosibirsk viloyatidan chiqarib yuborildi?

Oʻzbekiston

21.10.2026, 10:58

Dunyoda har yili 1 milliard bola zo‘ravonlikka uchraydi — JSST

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun O‘zbekistonda qanday choralar ko‘rilmoqda?

Jahon

20.10.2026, 16:40

Аyolga shahvoniy shilqimlik qilgan patronaj xodimi 5 sutkaga qamaldi

Voqea qachon, qayerda va qanday sodir bo'lgan?

Oʻzbekiston

20.10.2026, 13:03

O‘zbekiston va AQSh oʻrtasida qancha miqdordagi kelishuv imzolandi

Marko Rubio boshchiligidagi AQSh delegatsiyasining Samarqandga tashrifi doirasida Amerika va O‘zbekiston biznes vakillari 12 milliard dollarlik 54 ta hamkorlik kelishuvini tuzdi. 

Iqtisodiyot

20.10.2026, 10:27

35 yilda O‘zbekiston aholisi qariyb 19 million kishiga ko‘paydi

O‘zbekistonning doimiy aholisi 2026-yil 1-oktabr holatiga 39,5 million kishidan oshdi. Eng ko‘p aholi Samarqand viloyatida, eng kami esa Sirdaryo viloyatida istiqomat qilmoqda.

Oʻzbekiston

19.10.2026, 16:48

ARXIV

SANAGA O'TISH

Barcha arxivni ko'rsatish →