Magnus Karlsen: Sindarovning natijasini hech kim kutmagandi
Javohir Sindarov rekord natija bilan yetakchilik qilmoqda va shaxmat olamida tarixiy start ko‘rsatdi. Garri Kasparov va Magnus Karlsen ham uning o‘yinini alohida e’tirof etishdi.
Kiprning Pafos shahrida shaxmat bo‘yicha nufuzli Nomzodlar musobaqasining birinchi davra bahslari o‘z yakuniga yetdi. Javohir Sindarov ushbu musobaqada nafaqat peshqadamlik qilmoqda, balki dunyo shaxmati tarixida yangi sahifa ochdi.
Musobaqaning 7-turida Javohir Sindarovning oq donalarda Niderlandiya vakili Anish Giriga qarshi o‘yini durang bilan yakunladi.
Ushbu natijadan so‘ng u birinchi davra yakuniga ko‘ra 6 ball jamg‘arib, yetakchilikni mustahkamladi.
Ikkinchi o‘rinda amerikalik Fabiano Karuana bo‘lib, u 4,5 ball to‘plagan. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni 3,5 balldan jamg‘argan Anish Giri hamda Pragnanandha Rameshbabu egallab turibdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu vaqtga qadar Nomzodlar musobaqasi tarixida hech bir shaxmatchi birinchi davraning o‘zida 6 ball jamg‘arishga muvaffaq bo‘lmagan edi. Bu ko‘rsatkich musobaqa rekordi sifatida qayd etildi.
7 imkoniyatdan 6 ball olish Nomzodlar musobaqalarining hozirgi formati, 2013-yildan keyingi tarixida qayd etilgan eng yaxshi start hisoblanadi.
Kasparov va Karlsen fikrlari
"Hozircha aql bovar qilmas natija! Muvaffaqiyatli startdan so‘ng o‘ziga bo‘lgan ishonchning oshishini e’tibordan chetda qoldirmang. Siz instinktlaringizga ko‘proq ishonasiz, bu esa sezgi va natijaning ijobiy uyg‘unligini yaratadi. Raqiblaringiz esa siz bilan to‘qnashganda o‘zlariga shubha qila boshlaydi".
Garri Kasparov
"Uning turnirdagi yashirin favoritlardan biri bo‘lishini taxmin qilsa bo‘lardi, lekin bunchalik kuchli startni – 5 imkoniyatdan 4,5 ball – rosti, hech kim kutmagan edi".