Zahiriddin Muhammad Bobur: shoir, podshoh, olim, ixtirochi, fidoyi ota…
Bugun buyuk oʻzbek shoiri, mutafakkir, tarixshunos va davlat arbobi, boburiylar sulolasi va saltanati asoschisi Zahriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun.
Madaniy
14.02.2026, 17:12
Ulashish:

Bobur — shoir sifatida
Sheʼriyat uchun xos bir necha zaruratlar bor: nuktapardozlik (yangi fikrlar ayta olish mahorati), jozibali badiiy sanʼatlardan meʼyorida ustalik bilan foydalanish sehrgarligi va ehtiros joʻshib turgan rangin tuygʻular talqini — boburona samimiy sheʼriyat fazilatlaridir.
U ona shahri, Vatani sogʻinchlarini sheʼrda ifodalar ekan, Hindiston shahanshohi beixtiyor oʻzining andijonlik gʻaribligiga kitobxon eʼtiborini tortadi:
Ne yerda boʻlsang, ey gul, andadur chun joni Boburning,
Gʻaribingga tarahhum aylagilkim, andijoniydur.
Bobur Hindiston imperatori boʻlsa-da, Andijondan yiroqligini taqdirdagi yuz qaroligʻ, deb ataydi:
Toleʼ yoʻqi jonimga baloligʻ boʻldi,
Har ishniki ayladim xatoligʻ boʻldi.
Oʻz yerni qoʻyib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi?!
Bobur gʻazallarining asosiy mavzusi oshiqona ehtiroslar, mushtoqliklar, yolvorishlar, iztiroblar-u kuyib-yonishlardir. Oshiqning mahbubasi ayriligʻiga sabr qilishi juda mushkul. Biroq uchrashuvda — visolda ham ularning chiqishmoqliklari bundan-da mushkulroq:
Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur,
Sening birla chiqishmoqlik dogʻi bisyor mushkuldur.
Chunki:
Mizojing noziku sen — tund, men — bir beadab telba,
Senga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkuldur!
Shoh Bobur
Bobur, birinchi navbatda, boburiylar sulolasining asoschisi. Boburiylar jahon tarixida 332 yil hukmronlik qilgan suloladir. U podshoh sifatida lashkar tortib, shohlarga xos magʻlubiyatlarning achchiq alamlari-yu zafarlarning ulugʻvor nashidalarini koʻp marotaba oʻz boshidan kechirdi.
Otasi singari ulugʻ himmatli va oliy maqsadli shaxs boʻlganligidan Fargʻona viloyatini kichik joy deb hisoblab, Samarqandga intildi. U yerda Shayboniyxondan yengilib, Kobulga keldi va keyin Hindistondek bepoyon yirik mamlakat hukmdoriga aylandi.
Buyuk shoh Bobur Hindistonda temuriylarga xos ulugʻ bunyodkorlik anʼanalarini davom ettirdi:
- muhtasham qasrlar tiklash;
- ariq-kanallar qazish;
- bogʻ-rogʻlar bunyod etish;
- adabiyot, ilm-fan rivojiga homiylik qilish;
- elni adolat bilan boshqarish.
Javohirlaʼl Nehru oʻzining Bobur haqida samimiy fikrlarini izhor etgan: «Bobur — dilbar shaxs. Uygʻonish davri hukmdorining haqiqiy namunasidir. U mard va tadbirkor odam boʻlgan. Bobur oʻta madaniyatli va jozibali insonlar orasida eng yetuk insonlardan biri edi. U mazhabparastlik kabi cheklanishdan va mutaassiblikdan yiroq edi... Bobur sanʼat va, ayniqsa, adabiyotni sevardi».
«Boburnoma»ning kotibi Boburning ulugʻ podshohlarga xos sakkiz shaxsiy fazilatini qayd etgan: «U qudratli podshohning yaxshiliklarini aytgan bilan va yozgan bilan tugatish maholdir. Lekin qisqasi buki, sakkiz asl sifat uning zotiga xos edi: biri bukim — iqboli baland edi; ikkinchisi — himmati yuksak edi; uchinchisi — viloyat olmoq; toʻrtinchisi — viloyat saqlamoq; beshinchisi — maʼmurlik; oltinchisi — Olloh bandalariga farovonlik niyati; yettinchisi — lashkar koʻnglini qoʻlga olmoq; sakkizinchisi — adolat qilmoq».
Bobur shaxsi Yevropa va AQSh sharqshunos-tarixchi olimlari eʼtiborini oʻziga jalb etgan. Ingliz tarixchisi Eduard Holden, avvalo, Boburni mashhur Yuliy Sezar bilan qiyoslashni lozim topadi: «Bobur feʼl-atvoriga koʻra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga “yuksak fazilatli inson” deb bitib qoʻyilgan».
Zahiriddin Muhammad Boburning bolalik va oʻsmirlik yillari haqida roman yozgan va «Boburnoma»ni inglizchaga oʻgirgan Uilyam Erskin uni shunday baholaydi: «Saxovati va mardligi, isteʼdodi, ilm-fan, sanʼatga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shugʻullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi».
Bobur — adabiyot nazariyotchisi
Bobur shoirgina emas, yirik adabiyot nazariyotchisi hamdir. Sheʼrshunoslikda aruz vazni masalasi hamisha asosiy va dolzarb boʻlgan. Chunki sheʼriyatda koʻp vazn qoʻllash hodisasi muayyan maʼnoda shu adabiyot nufuzi va saviyasini belgilaydi.
«Boburnoma»ni koʻchirgan kotib Boburning aruz risolasi nomini «Mufassal» deb koʻrsatadi. Darhaqiqat, Bobur bu risolani shunday yozganki, unda asl, furuʼ va zihoflar yuzasidan ishlab chiqilgan 537 vazn miqdoriga ahamiyat berilsa, tadqiqotning bejiz «Mufassal» deb atalmaganiga amin boʻlamiz.
Bobur — fiqh olimi
Fiqh — musulmonchilik farz va sunnatlari haqidagi amaliy nizom ilmidir.
Zahiriddin Muhammad Bobur bir umr shariatpanoh hukmdor boʻlib yashadi; shariatga amal qildi; sharʼiy hukmlar berdi va fiqhga oid «Mubayyin» (bayon etilgan) nomli asar yozdi. Ushbu kitobda muallif farzandlari bilishi zarur boʻlgan farz asoslarini (imon, namoz, roʻza, zakot, haj) oʻtish masalalarini sheʼriy usulda butun mufassalligi bilan bayon etdi.
Bobur yozadi:
Bilgasen, ey xujasta farzand,
Jigarim birla jonima payvand.
Masalalarki, ul zarur erdi,
Bilmasang dininga qusur erdi.
Yetti koʻnglumgakim, yigʻishtursam,
Nazm tartibida sigʻishtursam.
To ani zabt qilgʻasen oson,
Ul masoyilni bilgasen yakson...
Din-u donishda har kun afzun boʻl,
Davlat-u baxt ila Humoyun boʻl...
Komron boʻl jahonda, davlat koʻr,
Yuz tuman obroʻy-u izzat koʻr...
XX asrda «Mubayyin» tarkibidagi «Kitob uz-zakot», «Kitob ul-haj», «Kitob us-salot» qismlari alohida kitoblar holatida bir necha marotaba nashr etilgan. Nihoyat, «Mubayyin» toʻlaligicha professor Saidbek Hasanov tomonidan 2000 yili nashr etildi.
XVI asrgacha fiqhga oid asarlarning asosan arab va fors tillarida bitilganini inobatga olsak, Boburning oʻz millatdoshlari — oʻzbeklar tushunadigan tilda bunday asarlar yaratgani naqadar muhim va dolzarbligini aniqroq tasavvur etish mumkin.
Bobur — yangi yozuv kashfiyotchisi
Bobur arab yozuvida savod chiqargan va umri boʻyi shu yozuvda ikki-uch tilda matn bitgan, bu yozuvning ifoda imkoniyatlari, oʻzlashtirish usullarini yaxshi bilgan. Shuning uchun u bu yozuvni yanada mukammallashtirish, osonlashtirish, soʻzni har xil oʻqish nuqsonlarini bartaraf etish maqsadida yangi yozuv — Boburiy xattini kashf etdi.
Bobur zamonida yozuvni yangilash yoki yangi xatni joriy etishga urinish oson emasdi. Chunki arab yozuvi — «Qurʼon» yozuvi edi. Shuning uchun Boburiy xattini amaliyotga joriy qilish niyatida Bobur bu xatda, avvalo, Qurʼoni karimdan ikki nusxa tayyorlab, birini Makkaga, ikkinchisini Tehronga joʻnatadi.
Boburiy xatti haqidagi maʼlumotlarga Boburning devonida bir marotaba va «Boburnoma»da koʻplab marotaba duch kelamiz. Shoir bir gʻazalida yozadi:
Turklar xatti nasibing boʻlmasa, Bobur, ne tong,
Boburiy xatti emasdur, xatti sigʻnoqidurur.
Mutaxassislarning fikrlariga qaraganda, Boburiy xattining arab yozuvidan imloda soʻz aniqligi (har xil oʻqilmasligi), yozish va oʻqishning qulayligi bilan ahamiyatli. Afsuski, biz bilmagan sabablarga koʻra, bu yozuv hayotga joriy etilmasdan qolib ketgan.
Bundan tashqari, ayrim manbalarda Boburning «Musiqa sirlari» nomli risolasi tilga olinadi. Taassufki, bu asarni izlash hozircha ijobiy natija bermayapti.
Boburning qofiya ilmiga oid risolasining nomi ham nomaʼlum, oʻzi ham hanuz topilgan emas.
Boburning harbiy sarkarda sifatida bir umr katta-kichik jang-jadallarda boʻlgani maʼlum. Uning «Harb ishi» nomli risolasi haqida ham maʼlumotlar bor, ammo asarning oʻzi hozircha topilmagan.
Bobur — «Boburnoma» ijodkori
Shoh asar «Boburnoma»da ilmiy maʼlumotlarning behad koʻpligi va ular hozirgi tarmoqlashgan fanlarning ellikka yaqin sohalariga mansubligini inobatga olsak, uni qomusiy — ensiklopedik asar deyish mumkin. Chunki:
- «Boburnoma» — tarixiy asar. Unda XV asrning oxiri — XVI asrning birinchi yarimlarigacha Xuroson, Movarounnahr, Hindistonda kechgan muhim tarixiy voqealar oʻz aksini topganidek, asarda yuzlab tarixiy shaxslarning nomlari bor. Ularning ayrimlari haqidagi maʼlumotlar har qanday tarixiy asarda topilmaydigan noyobligi, muhimligi bilan olimlarni ham lol qoldiradi.
- «Boburnoma»ni adabiyotshunoslik asari deyish ham mumkin. Zotan, adabiyot namoyandalari haqidagi maʼlumotlar, adib va shoirlarning asarlari tahlili, ularga baho berish adabiyotshunoslik ilmi sohasiga mansub. Asarda ellikka yaqin shoirning ismi sharifi aytilib, ularning asarlari tahlil etilgan yoki baho berilgan.
- «Boburnoma»ni tilshunoslik asari deb ham qarash mumkin. Bobur til ilmining eng qiziqarli sohalari — etimologiya, fonetika xususida oʻta jozibali va teran ilmiy kuzatishlarini bayon qiladi.
- «Boburnoma»ni sanʼatshunoslik asari deyish ham mumkin. Chunki unda sanʼatning juda koʻp xillari: raqs, kuy, ashula va tasviriy sanʼatga doir maʼlumotlar berilgan. Kitobxon Bobur zamonining mashhur hofizlari: Ruhdam, Hofiz Hoji, raqqoslari: Tengriquli, Ramazon, Mir Badr; sozandalari: Qulmuhammad Udiy, Shayxiy Noiy, Shohquli Gʻijjakiy, Xoja Abdulloh Marvoriy; bastakorlari: Gʻulom Shodiy, Mir Azu, Kamoliddin Binoiy, Pahlavon Muhammad Busaʼid; rassomlari: Kamoliddin Behzod, Shoh Muzaffar haqida, ularning kuy, qoʻshiq, raqs, suratlari xususida muayyan tasavvurga ega boʻladi.
- «Boburnoma»ni nabototga oid asar ham deyish mumkin. Muallif Fargʻonadan Hindistonga qadar yer, joy, togʻ, oʻlkalarda oʻsadigan daraxt, oʻsimlik, oʻt-oʻlan, gullar haqida qimmatli maʼlumotlar berar ekan, koʻproq bu maʼlumotlar xaritasi Afgʻoniston, Pokiston va Hindistonga toʻgʻri keladi.
- «Boburnoma» — hayvonot olami haqidagi qimmatli maʼlumotlar manbaidir. Bu asardan Hindiston va Afgʻoniston tevarak-atrofidagi biz nomlarini eshitmagan yoki eshitgan-u koʻrmagan oʻnlab yovvoyi, xonaki hayvonlar, qushlar va hatto xilma-xil baliqlar haqida oʻqib hayratga tushamiz. «Boburnoma» yaratilgan davrlardan buyon — deyarli besh yuz yil davomida asardagi hayvonot va qushlar hamda baliqlar haqidagi maʼlumotlar kechagi kungacha Oʻrta Osiyo aholisi uchun moʻʼjizalar dunyosi boʻlib kelgan.
Ushbulardan tashqari «Boburnoma» kitobxonga din va shariat, etnografiya, insonshunoslik, astronomiya, tabobat, harbiy ilm, xalq ogʻzaki ijodi, matematika, bogʻshunoslik, shahar qurilishi, tush taʼbirigacha oʻnlab ilmlardan muhim va qiziqarli maʼlumotlar beradi.
Bobur — fidoyi ota
Boburning toʻrt oʻgʻli va bir qizi — Humoyun, Komron, Askariy, Hindol va Gulbadan begim ham tarixda chuqur iz qoldirgan shoir, tarixchi, ilm-u sanʼatni yaxshi oʻrganib, oʻzlashtirgan kishilar edilar. Ulardan boʻlgan farzandlarning barchasi ham ota-bobolarining izidan borib, atoqli shoir, adib va olimlar sifatida ilm-u sanʼat rivojiga katta hissa qoʻshib keldilar.
«Boburnoma»da yozilishicha, Bobur oʻz farzandlarining taʼlim-tarbiyasi haqida hamisha oʻylab, ularni oʻqish va oʻrganishga targʻib qilar ekan. U «Mubayyin» risolasini Humoyun va Komronga diniy masalalarni oʻrgatish uchun nazmda yozadi. Boburning Humoyun va Komronga yozgan maktublari ham shu mavzuga qaratilgan.
Masalan, u Komronga yozgan maktubida bunday deydi: «Farzandi arshad va arjumandi saodatnishon Muhammad Komron Mirzo bahodirga salomi muhabbat anjomidan soʻng ulkim, koʻkaltosh va ichkilaring bila sabaq oʻqurgʻa rujuʼ kelturub ermishsen. Bu jihattin koʻngulga surur va xotirga huzur yetib na bisyor xushholliq yuz berdi. Tangri taolo dargohidin umidim borkim, jamiʼi qobiliyat va salohiyat bobida komil va mukammal boʻlub kamolgʻa yetgaysen».
Bobur farzandlarining diyonatli, ilm-fazilatli boʻlib oʻsishi uchun ularga kitob tanlab yuborish, ularning oʻrganishi uchun kitoblar yozishni otalik va podshohlik burchi deb hisoblagan, ularni oʻqish-oʻrganishga targʻib qilib, imlo va insho xatolarini toʻgʻrilab bexato, sodda, ravon va betakalluf yozishga chorlagan.
Bobur — shariatpanoh podshoh va shariatga rioya qiluvchi musulmon
Hindiston yurishlari davrida Bobur «Mubayyin» asarini yaratdi. Masnaviy tarzida yozilgan, islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bagʻishlangan bu asar 2258 baytdan tashkil topgan. Valiahd Humoyun va Komron Mirzoga dasturulamal sifatida moʻljallangan «Mubayyin»da imon, namoz, roʻza, zakot va hajga oid sharʼiy mezonlar ham bayon qilingan.
Asarning ayni paytga qadar topilgan 8 ta qoʻlyozmasi mavjud boʻlib, ular asosida qator ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Jumladan, S. Hasanov (2000), T. Seyhan (2004), H. Hasanov (2011) kabi olimlar tomonidan oʻzbek va turk tillaridagi nashrlari eʼlon qilingan.
Bobur Allohning kalomi boʻlgan Qurʼoni karim izmiga chin musulmon sifatida qatʼiy amal qilib, har qadamida buyuk murabbiy Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning sunnatlarini oʻziga dasturulamal bilgan shariatpanoh shoh boʻlgan.
Muallif: Isomiddin Jumanazarov
Madaniy
14.02.2026, 17:12
Ulashish:
Mavzuga oid yangiliklar

Oʻzbekiston Hindistondan hayvonlar va chorvachilik mahsulotlari importini vaqtincha chekladi
Oʻzbekiston
06.02.2026, 11:30

Qirgʻiziston Hindistondan Nipah virusiga moyil hayvonlar importini taqiqladi
Jahon
29.01.2026, 14:17

Nipah tufayli Oʻzbekiston Hindiston reyslari nazoratini kuchaytirdi: bu qanday virus?
Oʻzbekiston
29.01.2026, 08:42

Hindistondagi xavfli virus Oʻzbekistonga kirib keldimi?
Jahon
27.01.2026, 13:24

Rossiyada hindistonlik mehnat muhojirlari soni keskin oshdi — maoshlar neftdan tushgan rupiyalarda toʻlanadi
Jahon
17.01.2026, 09:47

Andijonda hokim oʻrinbosari 15 000 AQSh dollar olayotgan vaqtida qoʻlga tushdi
Oʻzbekiston
11.10.2025, 12:00
Mashhur yangiliklar

Jeffri Epshteyn ishi: oshkor etilgan fayllar va elita bilan aloqalar
Jahon
03.02.2026, 16:44

Jurnalistlar va fuqarolik jamiyati vakillariga eʼtirof — Paradigma Media 8 nafar faolni eʼtirof etdi
Madaniy
02.02.2026, 19:18

Rossiya TIV “shaxsiy fikr” ortiga yashirinib, navbatdagi bahsli bayonotlarga javob berdi
Siyosat
19.01.2026, 18:06

Chorvoqdagi “Sea Breeze” loyihasining qurilishi qonunga zidmi?
Oʻzbekiston
06.02.2026, 08:01

15 million aholining maʼlumotlari sizdirilgani haqidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirildi
Oʻzbekiston
04.02.2026, 09:52

«Nigilist pingvin»: isyon ramzimi yoki shunchaki trend?
Madaniy
28.01.2026, 17:49
So‘nggi yangiliklar

«Yilning eng yaxshi devoriy surati – 2025» mukofotini Gretsiyadagi Mariya Kallas tasviri qoʻlga kiritdi
Madaniy
16.02.2026, 15:50

Xitoy Afrikadan olib kiriladigan mahsulotlarga bojlarni bekor qiladi
Jahon
16.02.2026, 15:19

Britaniya: Rossiya Navalniyni zaharlab oʻldirgan
Jahon
16.02.2026, 14:54

Sadir Japarov: "Tashiyev davlat lavozimini egallamaydi"
Jahon
16.02.2026, 14:42

Britaniya hukumati bolalarning internetdagi xavfsizligini taʼminlash uchun yangi choralar eʼlon qildi
Fan-texnologiya
16.02.2026, 10:28

Gʻazo uchun 5 mlrd dollardan ortiq mablagʻ ajratiladi
Jahon
16.02.2026, 09:10

Toshkentda Leapmotor bilan toʻqnashgan Lacetti ikkiga boʻlindi
Oʻzbekiston
16.02.2026, 08:44

Toshkentda BYD va Li 9 ishtirokidagi YTH boʻyicha sud qarori bekor qilindi
Oʻzbekiston
14.02.2026, 14:19

Mers: «Qoidalarga asoslangan dunyo tartibi endi mavjud emas»
Jahon
14.02.2026, 13:47

Gʻarb aholisi Uchinchi jahon urushi ehtimoliga ishonmoqda — Politico
Jahon
14.02.2026, 10:34

Japarov: «Men uni ogohlantirgandim»
Jahon
14.02.2026, 05:52
Mashhur yangiliklar

Jeffri Epshteyn ishi: oshkor etilgan fayllar va elita bilan aloqalar
Jahon
03.02.2026, 16:44

Jurnalistlar va fuqarolik jamiyati vakillariga eʼtirof — Paradigma Media 8 nafar faolni eʼtirof etdi
Madaniy
02.02.2026, 19:18

Rossiya TIV “shaxsiy fikr” ortiga yashirinib, navbatdagi bahsli bayonotlarga javob berdi
Siyosat
19.01.2026, 18:06

Chorvoqdagi “Sea Breeze” loyihasining qurilishi qonunga zidmi?
Oʻzbekiston
06.02.2026, 08:01

15 million aholining maʼlumotlari sizdirilgani haqidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirildi
Oʻzbekiston
04.02.2026, 09:52

«Nigilist pingvin»: isyon ramzimi yoki shunchaki trend?
Madaniy
28.01.2026, 17:49
