Oltin va hokimiyat uchun toʻkilayotgan insonlar qoni: Sudanda nimalar boʻlyapti?
2025 yil oktabrining soʻnggi kunlari. Sudanning Al-Fashir shahri. Ikki mingdan ortiq tinch aholi vakillari oʻldirildi: ular orasida tugʻruqxonadagi ayollar, bolalar va keksalar ham bor. Begunoh odamlar tiriklayin yoqib yuborildi, ayrimlari ogʻir yuk mashinalari ostida qoldi. Al-Fashir koʻchalari jonsiz jasadlarga toʻla.
Jahon
03.11.2025, 18:00
Ulashish:

Achinarlisi, qotillar ham qurbonlar ham musulmon. Yana musulmonlar genotsidga uchramoqda. Faqat bu safar ularni qirgʻin qilayotganlar va jinoyatchilar qoʻliga qurol tutqazayotganlar ham oʻzini musulmon deb ataydi.
Al Jazeera nashri Al-Fashirdagi Saudiya shifoxonasidan olingan dahshatli tasvirlarni eʼlon qildi. Videoda jangarilarning birma-bir palatalardagi bemorlarni qatl etayotganini koʻrishimiz mumkin. Mahalliy aholining bildirishicha, mazkur shifoxonadan kamida 500 kishi panoh topgan edi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Al-Fashirdagi tugʻuruqxonada kamida 460 kishi oʻldirilgan. Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus bunday xabarlar “juda ogʻir va xavotirli” ekanini aytib oʻtdi.
Sudan shifokorlari tarmogʻining maʼlum qilishicha, seshanba kuni Tezkor harakat kuchlari (RSF) jangarilari “Saudiya shifoxonasida qoʻnim topgan barchani — bemorlar va shifokorlarni vahshiylarcha oʻldirgan”.
Afsuski, bunday koʻngilni mahzun qiluvchi xabarlarning oxiri koʻrinmaydi. Sudanda odam bolasi oʻziga ravo koʻrmaydigan ishlarga qoʻl urilmoqda.
Keling, buning sabablari va oqibatlariga chuqurroq nazar tashlaymiz.
Sudanni yaxshiroq tushunishimiz uchun uning oʻtmishiga boqishimiz kerak. Biroq biz juda uzoqqa bomoqchi emasmiz: muhokamani Umar al-Bashir davridan boshlaymiz.
Bilasiz, Sudanda oldinroq Umar al-Bashir rejimi mavjud edi. Gap 1980 yillar oxirida harbiy toʻntarish natijasida hokimiyatga kelgan rejim haqida ketyapti.
Umar al-Bashir rejimi ham ichki, ham tashqi maydonda muntazam vaʼdalar berib yashar edi. Jumladan, Sudan inson huquqlarining buzilishi, “terrorizmga qarshi kurash” va boshqa masalalarda AQShni rozi qilish yoʻlidan borardi.
Lekin qancha urinmasin AQSh boshchiligidagi Gʻarb mamlakatlarining koʻnglidan joy ololmadi. Oʻz navbatida uning rejimiga qarshi norozilik namoyishlari ham olovlandi. Al-Bashir oʻz hokimiyatini saqlab qolish uchun militsiya guruhlari – xalq tilida “janjavid” (qurol koʻtargan otliq)lardan foydalandi.
Sudanlik yozuvchi Barka Sokin “janjavid”larni oʻziga xos uslubda tasvirlaydi:
“Ular kir, ter va changga botgan odamlar. Tanalariga katta tumorlar taqib olgan, sochlari toʻzgʻigan. Janjavidlarni quyoshning qaynoq bagʻrida ulgʻaygan, qotillikni hayoti mazmuniga aylantirgan maxluqlar, deyish mumkin. Ularda hech qanday axloq, insof yoki mehr yoʻq. Janjavidlar tuqqan onasini ham, singlisini ham tanimaydi, uyatni bilmaydi. Ular yovvoyi, hatto yovvoyilardan ham yomonroq, yelkalarida esa har lahza otishga tayyor avtomatlari bor. Qalblarida rahm-shafqatdan asar yoʻq. Ular “Allohu Akbar” deb baqirishadi, lekin bu ibodat emas, kibr namoyishi. Ular uchun bu soʻz allaqachon oʻz maʼnosini yoʻqotib boʻlgan”.
Yozuvchi taʼrif etgan janjavidlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolgani yoʻq.
Gap shundaki, oʻtgan asrning 90-yillarida Darfurda qora tanli, arab boʻlmagan qabilalarga qarshi al-Bashir rejimining irqiy siyosatlari sabab qurolli isyon boshlanadi. Sudan armiyasi togʻli va choʻl hududlaridagi partizan urushiga hali tayyor emasdi, xususan, Al Fashir shahrida ular koʻp bor magʻlubiyatga uchraydi.
Shunda Bashir boshqacha yoʻl tutadi: u ham isyonchilar singari mahalliy arab badaviylari va chorvador qabilalardan iborat militsiya guruhlarini tuzdi.
2003 yildan boshlab, bu militsiya guruhlari aholiga nisbatan dahshatli jinoyatlarni sodir etadi: ommaviy qotilliklar, ayollarni zoʻrlash, yuz minglab odamlarni oʻz uyidan haydash va hokazo.
Bu voqealar tufayli Xalqaro jinoyat sudi Sudan rahbarlariga, jumladan Umar al-Bashirning oʻziga nisbatan genotsid ayblovini qoʻygan.
Urush davrida janjavidlar oltinga boy boʻlgan Jabal Omir togʻini bosib olishdi. Bu ular uchun mustaqil mablagʻ manbayiga aylandi.
Ayni paytda Tezkor harakat kuchlari (RSF) deb ataladigan terror guruhi Sudan oltinini noqonuniy tarzda chetga, asosan BAA (Birlashgan Arab Amirliklari) ga sotib keladi. BAA Sudandan chiqarilgan oltinning taxminan 90 foizini nazorat qilib, evaziga militsiyani qurol-yarogʻ va pul bilan taʼminlaydi.
Oʻz vaqtida Sudan rahbari al-Bashir bu guruhdan hokimiyatini mustahkamlash uchun foydalanib, ularnining barcha jinoyatlariga koʻz yumdi. 2013 yili u janjavidlarni rasmiy davlat kuchlariga aylantirib, “Tezkor qoʻllab-quvvatlash kuchlari” deb nomladi va rahbarlikni “Hamidti” laqabli Muhammad Hamdan Dagloga berdi.
Rasmiy jihatdan Bashirga boʻysunib turganiga qaramay, bu kuchlar aslida faqat Hamidtiga boʻysunar edi. Ular oltin savdosidan olingan katta mablagʻlar hisobiga mamlakatda juda katta va taʼsirli kuchga aylanishdi.
2018–2019 yillar: al-Bashir rasmiy Vashingtonga yoqishga qancha urinmasin Sudanda namoyishlar va noroziliklar avj olishi fonida “taxtdan agʻdarildi”. 2019 yil aprel oyida Sudan mudofaa vaziri Avad bin Avf toʻntarish amalga oshirilganini maʼlum qildi: Bashir va u qurgan rejimdagi mansabdorlar hibsga olindi. Shunga qaramay, Sudanda koʻcha namoyishlari davom etdi. Ushbu namoyishlarda turli qatlam vakillari ishtirok etar, har biri oʻzicha keng qamrovli talablar qoʻyardi. Kimlardir mudofaa vaziri amalga oshirgan bu toʻntarishdan mamnun ekanligini aytsa, boshqalar bundan qoniqmadi. Oqibatda, juda qisqa vaqt ichida mudofaa vaziri Avad bin Avf isteʼfoga chiqdi.
Shundan soʻng Sudan siyosiy sahnasida bugun biz ismini koʻp eshitib kelayotgan Abdulfattoh al-Burhon paydo boʻldi. Avf isteʼfo bergach, oʻtish davri uchun masʼul boʻlgan harbiy xunta rahbarligiga Abdulfattoh al-Burhon keldi. Bugun u general unvonida, amalda esa Sudanning harbiy yetakchisi sanaladi.
Albatta, namoyishlar toʻxtab qolmadi. Burhon hokimiyatga kelganidan soʻng, xunta va namoyishchilar oʻrtasida “oʻtish davri kengashi” tuzish boʻyicha kelishuvga erishildi. Kelishuvga koʻra, besh yilga qolmay mamlakat fuqarolik boshqaruviga topshirilishi kerak edi, lekin hokimiyatga kelgan xunta rahbari vaʼdasini unutdi.
Shu davrda armiya bilan namoyishchilar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar yuzaga keldi. Oʻz vaʼdasini bajarmagan harbiy xunta rahbaridan norozi sudanliklar oʻldirildi.
Umar al-Bashir qancha urinmasin, AQShning marhamatiga erisholmagan boʻlsa-da, Abdulfattoh al-Burhon mamlakatning harbiy rahbari oʻrnini egallagach, 2020 yilda “Ibrohim kelishuvlari”ga qoʻshildi. Maʼlumki, Ibrohim kelishuvlari — AQSh himoyasida Isroil bilan mintaqa davlatlari oʻrtasida normallashuvni taʼminlashga qaratilgan bitim hisoblanadi. Shu yildan Isroil bilan normallashuv jarayoni boshlandi. Shundan soʻng, Sudan “terrorizmni qoʻllab-quvvatlovchi davlatlar” roʻyxatidan chiqarildi.
Afsuski, Burhonning ham sionistlarga yoqish harakatlari xayrli boʻlmadi. Bugun Sudanda toʻqnashuv olib borayotgan tomonlar — “Tezkor yordam kuchlari” (RSF) va Sudan armiyasidir. Yaʼni ayni damda mamlakatda aynan shu ikki kuch oʻzaro jang qilyapti va bu urush 2023 yilning aprel oyida boshlandi.
Sudanda aynan RSF bilan armiyaning urushi boshlanishi Abdulfattoh al-Burhonning oʻz hukmronligiga tahdid solishi mumkin boʻlgan muxolif tuzilmalarni bartaraf etishga urinishidan soʻng boshlandi. Bunday guruhlarning eng yiriklaridan biri shubhasiz Muhammad Hamdan Dagalo boshchiligidagi RSF edi.
Avvaliga al-Burhon RSF’ni armiya safiga qoʻshib, alohida tuzilma sifatidagi mavqeini bekor qilishga qaror qildi. Buni tushungan Hamedti darhol Abdulfattoh al-Burhonga qarshi urush ochdi.
Shu bilan birga, Muhammad Hamdan Dagalo Sudan ichida “parallel hukumat” ham tuzdi. Hozircha xalqaro tizim tomonidan rasman tan olingan yagona taraf — Abdulfattoh al-Burhon boshqaruvi. Biroq Dagalo tomoni ham oʻzini siyosiy boshqaruv sifatida koʻrsatmoqda.
Ushbu militsiya guruhlari — “Tezkor yordam kuchlari” —Sudandagi eng katta qatliomlarni uyushtirgani bilan tarixdan joy olyapti. Ular Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bilan yaqin aloqada ekani haqida ham aytib oʻtdik. “Tezkor yordam kuchlari” ayniqsa BAA va boshqa turli mamlakatlardan qoʻllab-quvvatlanyotgani bois, amalda siyosiy maydonda — jahon siyosatida ham — oʻziga xos joy egallagan. Shu bois AQShda otashkesm boʻyicha muzokaralar ham oʻtkazildi; ular muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
Abdulfattoh al-Burhon Sudanning anʼanaviy ittifoqchilari — masalan, Misr bilan juda yaqin munosabatda boʻlgan. Shuningdek, AQSh va Isroil bilan ham doimo yaqin aloqalar oʻrnatishga intilgan. “Tezkor harakat kuchlari” rahbari esa BAA, Rossiya kabi davlatlar hukumatiga bogʻlangan holda oʻz manfaatlarini ilgari surmoqda.
Bundan tashqari, joriy yilning avgust oyida xalqaro OAVlarda BAA Xitoy mudofaa tizimlarini Chad orqali Sudanning “Tezkor harakat kuchlari”ga yetkazib berayotgani haqidagi xabarlar tarqalgandi.
Avval boshda “Tezkor yordam kuchlari” katta siljishlarga erishdi, koʻp hududlarni qoʻlga kiritdi, hatto poytaxt Xartumning katta qismini egalladi. Biroq keyin jarayon teskari tomonga burildi: soʻnggi oylarga qadar Burhon qoʻl ostidagi armiya kuchlari muvaffaqiyatga erishdi, hatto yaqin vaqtgacha poytaxt Xartumni toʻliq nazoratiga olgan ham edi. Ammo hozir yana “Tezkor harakat kuchlari”ning qadamba-qadam ilgarilayotganini koʻryapmiz.
Soʻnggi davrda Turkiyaning ham Abdulfattoh Burhon boshqaruviga muayyan darajada yordami borligi aytiladi. Lekin “Turkiya faqat Burhonni qoʻllayapti”, deb keskin xulosa chiqarish toʻgʻri emas — Anqara oʻz manfaatlaridan kelib chiqib harakat qiladi. Ayrim gʻarbiy manbalar hatto Turkiya ayni damda Burhonni ham, “Tezkor harakat kuchlari”ni ham maʼlum pallalarda qoʻllab-quvvatlagan, deya iddao qiladi.
Tahlilchilarning fikricha, hozirda mamlakat parchalanib ketishi xavfi ostida. Chunki “Tezkor yordam kuchlari” soʻnggi kunlarda yana ilgarilay boshladi va nihoyat Al-Fashirni egalladi. Bu bilan Liviyaga oʻxshash parchalanish ehtimoli ham yuzaga kelishi mumkin.
Voqealarni tahlil qilsak, bugungi kunda Sudanda oltin va hokimiyatni qoʻlga kiritish uchun urushayotgan har ikki tomonning ham “qoʻli toza” emas: Hamidti boshchiligidagi jangarilarning ommaviy qatliomlariga oid juda koʻp dalillar bor, biroq Burhon tomonining ham tinch aholiga nisbatan sodir etgan jinoyatlari qayd etilgan.
Shunga qaramay, baʼzi doiralar oʻz manfaatlaridan kelib chiqib armiyaning gʻalabasini xohlamoqda. Lekin buni ortiqcha boʻrtirish kerak emas: Burhon boshchiligidagi harbiy xuntaning AQSh va Isroil bilan jiddiy munosabatlar oʻrnatgani, sionistlar bilan normallashuv bitimini tuzganini unutmaslik kerak. Yaʼni armiya — Abdulfattoh al-Burhonning gʻalabasi Sudanni haqiqiy erkinlik, tinchlik va farovonlik sari boshlamaydi.
Soʻnggi voqealarda uzoq vaqt qamalda qolgan Al-Fashir shahri quladi. Shahar markazi avval armiya nazoratida edi, ammo uzoq muddat “Tezkor yordam kuchlari” qamali ostida qoldi. Burhon armiya kuchlarining shahardan chekinganini maʼlum qildi; “Tezkor harakat kuchlari” esa shaharda minglab musulmonlarni oʻldirdi. Ular goʻyoki bu bilan “intiqom olinayotgani”ni daʼvo qilishdi. Aslida-chi, aslida yana oddiy xalq jabr koʻrdi. Begunoh odamlar oʻldirilmoqda, zoʻrlanmoqda, ochlik va sarson-sargardonlikka mahkum etilmoqda.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2023 yildan beri Sudandagi qonli urush oʻn minglab odamlarning hayotiga zomin boʻlgan, 12 milliondan ortiq kishini qochqinga aylandi.
Tashqi oʻyinchilar esa harbiy jinoyatchilarni qoralash barobarida ularga qurol sotishdan ham tiyilmayapti.
Al-Fashirdagi musulmonlar qirgʻini aynan BAA tomonidan RSF terrorchilariga yetkazib berilayotgan qurol-yarogʻ, oʻq-dori va aviatsiya hisobidan amalga oshirilmoqda.
Tahlilchilar, Amirliklarning bu qadar oshkora aralashuvini Sudanning boy oltin konlariga bogʻlamoqda. Birgina 2025 yilning birinchi yarmida mamlakatdan BAAga rasman 8,8 tonna oltin olib chiqilgan. Biroq yanada koʻproq miqdordagi oltinlar noqonuniy yoʻllar bilan Dubay orqali xorijga sotilmoqda.
Shuningdek, bu qonli urush ortida jahon moliyaviy elitasi bilan bogʻlanadigan yanada taʼsirchan oʻyinchilar ham turibdi...
Jahon
03.11.2025, 18:00
Ulashish:
Mashhur yangiliklar

Tashiyev va Japarov raqobati: ziddiyat ortidagi korrupsiya va siyosiy o‘yinlar
Jahon
29.04.2026, 17:48

Abbos Aroqchi Vladimir Putin bilan uchrashdi
Jahon
28.04.2026, 10:47

Sun’iy intellektda yaratilgan aktyor va senariylarga “Oskar” berilmaydi
Madaniy
02.05.2026, 17:05

Isroillik erkak Quddusda xristian rohibasiga hujum qilib, jarohat yetkazdi
Jahon
01.05.2026, 16:27

Shakira Jahon chempionatining rasmiy “Dai Dai” qo‘shig‘ini taqdim etdi
Sport
08.05.2026, 10:48

Soxta “Nobel” yaratib, o‘zini-o‘zi mukofotlagan professor fosh bo‘ldi
Jahon
09.05.2026, 16:06
So'nggi yangiliklar

Hayraton–Mozori Sharif temiryo‘l liniyasining beshinchi bekati qayta faoliyat boshladi
Jahon
23.05.2026, 15:40

Xitoyda ko‘mir konidagi portlash oqibatida 90 kishi halok bo'ldi
Jahon
23.05.2026, 12:15

“Milliy kitobxonlik harakati” – bosh sovrin 50 ming dollar
Ta'lim
22.05.2026, 18:35

Yahudiylarga o‘lim bilan tahdid qilgan erkak qamaldi
Jahon
22.05.2026, 17:58

BMT Ebola epidemiyasi tufayli Kongoga mablag‘ va xodimlar yubormoqda
Jahon
22.05.2026, 17:31

Sudandagi urush minglab oilalarni ayriliq azobiga duchor qildi
Jahon
22.05.2026, 15:04

“Quyoshga singib ketgan” – Saodat Ismoilovaning AQSHdagi ko‘rgazmasi
Madaniy
22.05.2026, 13:16

Eron boyitilgan urandan voz kechmaydi – Xomanaiy
Jahon
21.05.2026, 17:08

“So‘nggi qo‘ng‘iroq” va “Xayr bog‘cha — salom maktab!” tadbirlari o‘tkaziladi
Ta'lim
21.05.2026, 15:48

“Samarqandga elchilik” - Ispaniyada Amir Temur va Klavixo munosabatlari haqida roman nashr etildi
Madaniy
21.05.2026, 14:44

“Tramp bilan gaplashishdan mamnun bo‘laman” –Tayvan prezidenti
Jahon
21.05.2026, 14:01

“Insofsiz tekshiruvchilar reyestri” – tadbirkorlar uchun yangi himoya tizimi
Oʻzbekiston
21.05.2026, 11:17

Meta 8000 xodimni ishdan bo‘shatyapti
Iqtisodiyot
21.05.2026, 10:27

Postsovet ko‘lankasidan qutulayotgan Markaziy Osiyo madaniyati
Madaniy
20.05.2026, 17:13

Kam uyqu ham, ko‘p uyqu ham qarishni tezlashtiradi
Madaniy
20.05.2026, 12:33

Boliviyada hukumatga qarshi norozilik namoyishlari avj oldi
Jahon
20.05.2026, 10:37

Lotin Amerikasiga yo‘l: Rio-de-Janeyroda O‘zbekiston–Braziliya savdo uyi ish boshladi
Iqtisodiyot
19.05.2026, 17:08

Umumiy sun’iy intellekt poygasi: sohada AQSH kuchlimi yoki Xitoy?
Fan-texnologiya
19.05.2026, 15:55

Toshkentda JAC Motors avtomobil zavodi ishga tushirildi
Iqtisodiyot
19.05.2026, 10:10

Endi o‘zbekistonliklar Italiya qishloq xo‘jaligida ishlashi mumkin
Oʻzbekiston
19.05.2026, 09:32
Mashhur yangiliklar

Tashiyev va Japarov raqobati: ziddiyat ortidagi korrupsiya va siyosiy o‘yinlar
Jahon
29.04.2026, 17:48

Abbos Aroqchi Vladimir Putin bilan uchrashdi
Jahon
28.04.2026, 10:47

Sun’iy intellektda yaratilgan aktyor va senariylarga “Oskar” berilmaydi
Madaniy
02.05.2026, 17:05

Isroillik erkak Quddusda xristian rohibasiga hujum qilib, jarohat yetkazdi
Jahon
01.05.2026, 16:27

Shakira Jahon chempionatining rasmiy “Dai Dai” qo‘shig‘ini taqdim etdi
Sport
08.05.2026, 10:48

Soxta “Nobel” yaratib, o‘zini-o‘zi mukofotlagan professor fosh bo‘ldi
Jahon
09.05.2026, 16:06
